Bir necha yil oldin Uber haqida gap ketganda, ko’pchilik uni shunchaki telefon orqali taksi chaqirish imkonini beruvchi ilova sifatida tasavvur qilardi. Bugun esa kompaniya o’zini butunlay boshqa yo’nalishda ko’rmoqda. Sun’iy intellekt va avtonom transport texnologiyalari rivojlanishi bilan raqamli dunyo va real hayot o’rtasidagi chegara tobora yo’qolib bormoqda. Endi texnologik kompaniyalar faqat dastur yaratish bilan emas, balki ko’chalardagi haqiqiy harakatni boshqarish uchun ham raqobatlashmoqda. Uber esa bu yangi davrni Physical AI deb ataydi.
Inqilobdan qochgan boladan Uber rahbarigacha
Uber bosh direktori Dara Xosrovshohiy 9 yoshida oilasi bilan Eron inqilobi sabab AQShga qochqin sifatida ko’chib o’tgan. Oilasi Erondagi deyarli barcha boyligini ortda qoldirishga majbur bo’lgan. Keyinchalik u Expedia kompaniyasini muvaffaqiyatli boshqargan bo’lsa-da, 2017-yilda texnologiya tarixidagi eng murakkab kompaniyalardan biri bo’lgan Uber’ga rahbarlik qilishga qaror qildi. O’sha paytda Uber sud ishlari, ichki nizolar va jamoatchilik ishonchining yo’qolishi sabab katta inqirozni boshdan kechirayotgan edi.
Murakkab muammolarni matematikadek yechish
Dara Xosrovshohiy murakkab vaziyatlarni oddiyroq qismlarga ajratish tamoyiliga amal qiladi. Uning fikricha, katta muammoni birdaniga hal qilish o’rniga, uni alohida yo’nalishlarga bo’lib, har birini ketma-ket yechish ancha samarali. Shu yondashuv asosida Uber uchta asosiy vazifaga e’tibor qaratdi:
- investorlar va direktorlar kengashi o’rtasidagi nizolarni tugatish;
- regulyatorlar va haydovchilar bilan ishonchni qayta tiklash;
- eski korporativ madaniyatni yangi rahbariyat bilan almashtirish.
Uberning navbatdagi maqsadi — $1 trillionlik bozor
Bugungi kunda Uber o’zini shunchaki ride-hailing kompaniyasi emas, balki kelajakdagi avtonom transport infratuzilmasining asosiy platformasi sifatida ko’rmoqda. Kompaniya hisob-kitoblariga ko’ra, avtonom avtomobillar, yetkazib beruvchi dronlar va robotlar bozori kelajakda $1 trillion hajmga yetishi mumkin. Uber’ning AI modellari ham keskin o’zgargan. Kompaniya ma’lumotlariga ko’ra, qidiruv va tavsiya algoritmlari avvalgi avlodga nisbatan 10 ming baravar yirikroq bo’lgan modellardan foydalanmoqda. Natijada ilova foydalanuvchi uni ochgan zahoti qayerga bormoqchi ekanini taxminan 75% aniqlik bilan bashorat qila oladi.
Eng katta muammo — AI emas, xarajat
Bunday yirik AI modellarini ishlatish juda qimmatga tushadi. Hatto Uber birinchi chorakning o’zidayoq butun yil uchun ajratilgan AI byudjetini sarflab yuborgan. Shundan so’ng kompaniya ikki bosqichli strategiyani tanladi. Yangi mahsulot yoki funksiyalarni sinashda OpenAI va Anthropic kabi eng kuchli modellardan foydalaniladi. Mahsulot muvaffaqiyatli ishlay boshlagach esa, u ancha arzon va samarali open-source modellariga o’tkaziladi. Bu yondashuv AI xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi.
Avtonom transport ommalashgani sari asosiy savol bitta bo’ladi: butun dunyo transport tarmog’ini kim boshqaradi? Uber fikricha, g’olib eng yaxshi sun’iy intellekt yaratgan kompaniya emas, balki haydovchilar, avtomobillar, logistika va millionlab foydalanuvchilarni yagona platformaga birlashtira olgan kompaniya bo’ladi. Shu sabab Uber o’z oldiga ulkan maqsad qo’ygan — kelajakda avtonom avtomobillar, dronlar va boshqa Physical AI tizimlarini yagona Uber tarmog’iga ulash. Agar bu reja amalga oshsa, Uber oddiy taksi ilovasidan dunyodagi eng yirik sun’iy intellekt asenglish versionni ham maosidagi transport platformalaridan biriga aylanishi mumkin.

















