Ushbu maqolada keltirilgan barcha fikrlar va iqtiboslar Anthropic kompaniyasi bosh ijrochi direktori (CEO) Dario Amodeining «The Circuit» koʻrsatuviga bergan eksklyuziv va kengaytirilgan intervyusidan olindi. Dario intervyu davomida sunʼiy intellekt poygasi, uning jamiyatga taʼsiri, kompaniya madaniyati va shaxsiy qarashlari haqida ochiq-oydin soʻzlab bergan.
Eksponensial parvoz: Kosmik kemadagi hayot
Hozirgi kunda sunʼiy intellekt olamining markazida turish qanday his ekanini tasvirlash qiyin. Men buni xuddi Yer yuzidan yorugʻlik tezligiga yaqin tezlikda uzoqlashayotgan kosmik kemaga oʻxshatgan boʻlardim. Nisbiylik nazariyasiga koʻra, siz uxlashga yotasiz va uygʻonsangiz, Yerda ikki kun oʻtib ketgan boʻladi – yaʼni siz bir kunda ikki kunlik yuklamani koʻtarishingiz kerak. Ertasi kuni esa tezlik yanada oshgani sababli, bir kuningiz Yerning uch, keyin esa toʻrt kuniga teng boʻladi. Biz ayni mana shunday aql bovar qilmas tezlik muhitida yashayapmiz.
Koʻpchilik mendan «Har kuni ertalab vahima bilan uygʻonmaysizmi?» deb soʻraydi. Men tarixdagi eng ogʻir va yuqori bosimli vaziyatlarni boshqargan shaxslarni koʻp oʻrganganman. Vahima yoki doimiy xavotir hech qachon samarali yechim bermaydi. Biz xuddi murakkab operatsiyani bajarayotgan jarroh yoki harbiy harakatni boshqarayotgan komandir kabi sovuqqon va ratsional qaror qabul qilishni oʻrganishimiz kerak. Bugun vahima qilib, ertaga xotirjam boʻlish – bu yetuk boʻlmagan boshqaruv belgisidir. Haqiqiy yetuklik xavfni toʻgʻri baholash va asosiy xotirjamlikni saqlab qolishdadir.
Biznes model va qadriyatlar muvozanati
Anthropic kompaniyasiga asos solganimizda, oldimizda bitta fundamental savol turgan edi: qimmatbaho modellarni yaratishni moliyalashtirish uchun tanlaydigan biznes modelimiz qadriyatlarimizga zid kelib qolmaydimi? Agar siz oʻz qadriyatlaringizga zid keladigan yoʻlni tanlasangiz, ertami-kechmi yo prinsiplaringizga xiyonat qilasiz yoki bozorda oʻz oʻrningizni yoʻqotasiz.
Biz ijtimoiy tarmoqlar va isteʼmolchilar (consumer) bozorini koʻrdik – u yerda asosiy maqsad reklama daromadi uchun odamlarning diqqatini imkon qadar koʻproq vaqt ushlab turish, ularni oʻziga bogʻlab qoʻyishdir. Biz esa boshqa yoʻlni – korporativ (enterprise) bozorni tanladik. Chunki sunʼiy intellektning eng katta ijobiy taʼsiri aynan shu sohada:
- Tibbiyot va biologiya: Ogʻir kasalliklarga davo topish uchun farmatsevtika va ilmiy guruhlar bilan ishlash;
- Energetika: Energiyani arzonroq va samaraliroq qilish;
- Iqtisodiy oʻsish: Korxonalarda unumdorlikni oshirish.
Korporativ mijozlar uzoq muddatli munosabatlar va ishonchni qadrlashadi. Bu bizning modellarni xavfsiz va foydali tarzda joriy etish maqsadimiz bilan toʻliq mos keladi.
«SaaSpocalypse» va dasturiy taʼminot kelajagi
Claude modelimiz chiqqandan soʻng, bozorda anʼanaviy dasturiy taʼminot (SaaS) kompaniyalarining qiymati keskin tushib ketdi, buni treyderlar «SaaSpocalypse» deb ham atashdi. Sunʼiy intellekt shu poydevorda rivojlansa, nima boʻladi?
Mening anʼanaviy dasturiy taʼminot kompaniyalariga maslahatim: xotirjamlikka berilmang. Agar sizning bozordagi yagona ustunligingiz «hech kim yoza olmaydigan murakkab kod yozish» boʻlsa, afsuski, bu ustunlik yaqin orada yoʻqoladi. Sunʼiy intellekt kodni juda tez yozmoqda. Ammo mijozlar bilan aloqalar, murakkab kod yozish» boʻlsa, afsuski, bu ustunlik yaqin orada yoʻqoladi. Sunʼiy intellekt kodni juda tez yozmoqda. Ammo kompaniyalarning mijozlar bilan oʻrnatgan mustahkam aloqalari, sohaning ichki sirlari va maʼlum bir yoʻnalishdagi noyob tajribalari kabi ustunliklar saqlanib qoladi. Moslasha olmaganlar uchun juda qiyin boʻladi, biroq umumiy hisobda sunʼiy intellekt tufayli dasturiy taʼminot bozori kichraymaydi, aksincha, umumiy pirog yanada kattalashadi.
Raqobat va sohadagi «Sogʻlom muhit»
Koʻpchilik sunʼiy intellekt yaratuvchilari bir-biriga dushman deb oʻylaydi. Bu mutlaqo notoʻgʻri. Masalan, Google kompaniyasida Gemini modellarini qurayotgan Demis Hassabisni men 15 yildan beri taniyman. Biz ulardan hisoblash quvvatlarini (compute) sotib olamiz va xavfsizlik gʻoyalarini doimiy ravishda almashib turamiz.
Sohada biz «yuqoriga qarab poyga» (race to the top) formulasini qoʻllaymiz. Masalan, u biron zoʻr narsa qilsa (AlphaFold kabi), biz ham biologiyada yangilik qilishga intilamiz. Biz interpretability (modellarning ichki ishlashini tushunish) tadqiqotlarini boshladik, ular ham buni davom ettirdi. Bu raqobat emas, bir-birimizdan ilhomlanishdir. Albatta, sohada oʻz manfaatini oʻylaydigan, ishonchsiz ishtirokchilar ham bor. Bizning maqsadimiz – ishonchli hamkorlar birlashib, umumiy xavfsizlik standartlarini oʻrnatish va qolganlarni ham bunga majbur qilishdir.
Ilmiy taraqqiyotning yangi asri
Men ilgari biolog boʻlganman. Bugungi kunda Claudeʼning murakkab tibbiy muammolarga diagnoz qoʻyishda shifokorlar oʻtkazib yuborgan jihatlarni topayotganini yoki dori vositalarini loyihalashda (drug design) yutuqlarga ershayotganini koʻrib, hayratda qolaman.
Agarda biz ushbu texnologik xavflarni toʻgʻri boshqarib oʻta olsak (men bunga tobora optimistik ruhda qarayapman), insoniyat keyingi yuz yillikda misli koʻrilmagan ilmiy va tibbiy sakrashni amalga oshiradi. 1900-yildagi hayotni va odamlar nimalardan vafot etganini eslang. Bugun biz u muammolarni deyarli unutganmiz. Sunʼiy intellekt bizga yana bir asrlik taraqqiyotni juda qisqa muddatda taqdim eta oladi va inson hayoti sifatini mutlaqo yangi darajaga olib chiqadi.
















