Xitoyning LinkWise Technology kompaniyasi Toshkentda cloud infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzakov kompaniya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, poytaxtda zamonaviy IT infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar davomida cloud texnologiyalari, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (data center), sun’iy intellekt yechimlari va raqamli shahar boshqaruvi yo‘nalishlaridagi loyihalar ko‘rib chiqildi.
LinkWise vakillari Toshkentda raqamli transformatsiya jarayonlariga qiziqish bildirgan. Tomonlar transport tizimlarini boshqarish, tirbandliklarni tahlil qilish, shahar infratuzilmasi monitoringi hamda kommunal xizmatlar samaradorligini oshirishda AI texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.
Kompaniya uchun O‘zbekiston bozori yangi emas. Avvalroq LinkWise mamlakatda data center va raqamli infratuzilma loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini taqdim etgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xorijiy texnologik kompaniyalarni jalb qilish va IT infratuzilmasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, sun’iy intellekt, cloud texnologiyalari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari raqamli iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rilmoqda.
LinkWise bilan olib borilayotgan muzokaralar ham mamlakatda zamonaviy cloud infratuzilmasini shakllantirish va xalqaro texnologik hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin.















