Yevropa Ittifoqi Google’ga nisbatan yangi talablarni e’lon qildi. Unga ko’ra, kompaniya Android ekotizimi va Google Search’ning ayrim imkoniyatlarini boshqa sun’iy intellekt kompaniyalari uchun ham ochishi kerak bo’ladi. Qaror Yevropa Ittifoqining Digital Markets Act (DMA) qonuni doirasida qabul qilindi.
Bugungi kunda Android smartfonlarida Google’ning Gemini sun’iy intellekti tizim bilan chuqur integratsiya qilingan. Ovozli buyruqlar, ayrim tizim funksiyalari va boshqa imkoniyatlar asosan Gemini orqali ishlaydi.
Yangi qoidalarga ko’ra, Google ushbu imkoniyatlarni boshqa AI ishlab chiquvchilari uchun ham ochishi kerak bo’ladi.
Bu degani, kelajakda foydalanuvchilar telefonida nafaqat Gemini, balki OpenAI, Perplexity va boshqa kompaniyalarning AI yordamchilarini ham asosiy yordamchi sifatida tanlash imkoniyatiga ega bo’lishi mumkin.
Qarorning yana bir muhim qismi Google Search bilan bog’liq. Yevropa Ittifoqi Google’dan qidiruv tizimida to’plangan ayrim anonimlashtirilgan ma’lumotlarni raqobatchi qidiruv tizimlari va AI kompaniyalari bilan ulashishni talab qilmoqda. Kichik kompaniyalarga ham qidiruv va sun’iy intellekt xizmatlarini rivojlantirish uchun zarur ma’lumotlardan foydalanish imkonini yaratishdir.
Google ushbu qarorlarga e’tiroz bildirmoqda. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, bunday talablar foydalanuvchilar xavfsizligi va maxfiyligiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Shuningdek, kompaniya o’zining ko’p yillik investitsiyalari natijasida yaratilgan infratuzilmani majburiy ravishda boshqalarga ochish innovatsiyalarni sekinlashtirishi mumkinligini bildirgan.
Yevropa Komissiyasi esa ma’lumotlar faqat maxfiylik talablariga rioya qilingan holda va belgilangan qoidalar asosida ulashilishini ma’lum qilgan.















