Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Saudiya Arabistonining “Milliy texnologiyalarni rivojlantirish dasturi” (NTDP) tashkiloti rahbari Ibrohim Neyaz bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda IT xizmatlarini autsorsing qilish, sohani rivojlantirish, hamda o‘zbekistonlik yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda IT xizmatlarini kengaytirish, mahalliy kadrlarni yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash, va texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. IT Park va NTDP o‘rtasida akseleratsiya dasturini yaratish hamda startaplar uchun xalqaro maydonga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida 2025-yil 9-12-fevral kunlari o‘tkaziladigan “LEAP 2025” IT startaplar tadbirida o‘zbekistonlik startaplarning ishtirok etish imkoniyati muhokama qilindi. Ushbu tadbir mahalliy startaplarni xalqaro bozorga olib chiqishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shma ishchi guruhini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning texnologik salohiyatini oshirish va IT xizmatlari eksportini rivojlantirishda muhim turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: “LEAP 2025” tadbirida ishtirok etish uchun 2024-yil 24-dekabrga qadar ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin.
Fikr bildirish