Prezident raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda tashkil etilgan kooperatsiyalar samaradorlikka erishayotgani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik yo‘nalishlarida kooperatsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Buning uchun 500 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarini elektron platformalar orqali sotib, daromadlarini bir necha barobar oshirishmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP) xususiy bank bilan hamkorlikda 1 ming 300 nafar ayolni o‘qitib, mahsulotlarini onlayn sotish bo‘yicha tajriba yaratmoqda.
Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudziiga yurtimizda yangi loyihalarni amalga oshirayotgan va innovatsion g‘oyalar olib kelayotganligi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Ham investitsiya jalb qiladigan va ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi.
Davlat banklariga venchur kompaniyalar tashkil etish va mahalla startaplarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z mablag‘laridan umumiy 50 million AQSh dollari ajratish vazifasi topshirildi. Shuningdek, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.
Fikr bildirish