Google maxfiylik siyosatiga kiritilgan o‘zgartirish orqali Gmail, Google Drive va Google Photos ma’lumotlaridan shaxsiylashtirilgan reklamalarni tayyorlashda foydalanish imkoniyatini belgilab qo‘ydi. Bu foydalanuvchi o‘z ma’lumotlarini reklama ko‘rsatadigan boshqa Google xizmatlariga ulashga ruxsat bergan holatlarga taalluqli.
16-oktabrdan kuchga kirgan yangi tahrirda Google avvalgi maxfiylik va’dasiga istisno qo‘shdi. Kompaniya ilgari Gmail, Drive va Photos’dagi kontent asosida shaxsiylashtirilgan reklamalar ko‘rsatilmasligini bildirgan. Endi esa foydalanuvchi ushbu xizmatlardagi ma’lumotlarni reklama bilan ishlaydigan boshqa Google xizmatlariga ulashga rozilik bersa, ulardan reklama shaxsiylashtirishda foydalanilishi mumkin.
Bu o‘zgarish Google’ning Personal Intelligence funksiyasi bilan bog‘liq. U Gemini va Google Search’ning AI Mode vositalariga Gmail, Google Photos kabi ilovalardagi ma’lumotlardan foydalanib, foydalanuvchiga mosroq javoblar berish imkonini yaratadi.
Masalan, foydalanuvchi AI Mode’dan sayohat paytida borish mumkin bo‘lgan restoranlarni so‘rasa, tizim Gmail’dagi mehmonxona bandlovini hisobga olib, yaqin atrofdagi joylarni tavsiya qilishi mumkin. Biroq ushbu ma’lumotlar asosida shakllangan xulosalar yoki kontekst keyinchalik reklamalarni shaxsiylashtirishga ham ta’sir qilishi mumkin.
Kompaniya reklamalar foydalanuvchining Gmail pochta qutisi yoki Google Photos kutubxonasidagi kontentga bevosita asoslanmasligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, reklama beruvchilar foydalanuvchilarning shaxsiy xatlari va suratlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kira olmaydi. Sog‘liq, din va jinsiy orientatsiya kabi nozik toifalar ham reklama maqsadida ishlatilmasligi aytilgan.
Shunga qaramay, o‘zgarish ma’lumotlardan foydalanish chegaralari haqidagi muhokamani kuchaytirdi: foydalanuvchi sun’iy intellektga qulayroq javoblar olish uchun ruxsat bergan ma’lumotlar reklama tizimiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Gmail va Google Photos ma’lumotlarining Search xizmatlariga ulanishini tekshirish va zarur bo‘lsa, uzib qo‘yish mumkin:
- Google Account’ning Data & privacy bo‘limiga kiring.
- Personalization settings bo‘limini oching.
- Search xizmatlari uchun shaxsiylashtirish sozlamalarini boshqarish bo‘limiga o‘ting.
- Connected Content Apps ichidan Google Workspace va Google Photos ulanishlarini tekshiring.
- Kerak bo‘lmasa, ushbu ilovalarni uzib qo‘ying.
Reklamalarni shaxsiylashtirishni My Ad Center orqali ham o‘chirish mumkin. Biroq faqat reklama sozlamasini o‘zgartirish ilovalarning AI funksiyalariga ulanganini avtomatik ravishda bekor qilmaydi.
Google misolida sun’iy intellekt xizmatlarining qulayligi va shaxsiy ma’lumotlar ustidan nazorat o‘rtasidagi muvozanat masalasi yana kun tartibiga chiqmoqda.












