Markaziy bank o‘zgarishlarni moliyaviy barqarorlik va valyuta kursi bo‘yicha himoya mexanizmlari kuchaytirilgach, bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston Markaziy banki kapital hisobi operatsiyalarini yanada liberallashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqdi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, hujjat hozir idoralararo ko‘rib chiqilmoqda va jarayon yakunlangach e’lon qilinadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kapital harakatini erkinlashtirishdan oldin moliyaviy barqarorlik, risklarni boshqarish va valyuta kursini himoya qiluvchi mexanizmlarni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Shu sababli o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
O‘zbekiston joriy hisob operatsiyalaridagi asosiy cheklovlarni bekor qilgan va valyuta konvertatsiyasini ta’minlagan. Kapital hisobi bilan bog‘liq operatsiyalar esa hozircha ehtiyotkorroq tartibga solinmoqda. Ishmetovning ta’kidlashicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi joriy yilda O‘zbekistonning valyuta kursi rejimini erkin suzuvchi kurs sifatida tasniflagan va Markaziy bank ushbu rejimni saqlab qoladi.
Markaziy bank rahbari O‘zbekiston xorijiy investitsiyalarni birgina mamlakat yoki mintaqaga bog‘lab qo‘ymaslik, manbalarni diversifikatsiya qilishga intilayotganini bildirdi.
Xitoy O‘zbekistonning yirik savdo va investitsiya hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, Yevropa va AQSh bilan savdo va investitsiya aloqalari ham kengaymoqda.
Ishmetov Markaziy Osiyo davlatlari investitsiyalar uchun alohida raqobatlashishdan ko‘ra, mintaqani yagona bozor sifatida rivojlantirishi muhimligini qayd etdi. Buning uchun mamlakatlar iqtisodiy siyosatlarini muvofiqlashtirishi kerak.
Ishmetov O‘zbekiston uzoq muddatli rivojlanishni qarz hisobidan moliyalashtirishdan ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb qilishga e’tibor qaratishi kerakligini aytdi.
Shuningdek, yangi moliyalashtirishda so‘mdagi mablag‘lar ulushini oshirish orqali xorijiy valyuta risklarini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Unga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish kelgusida tashqi qarzga emas, ichki daromadlarning barqaror o‘sishiga ko‘proq tayanishi lozim.














