Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning keyingi rivojlanishi uchun yetti milliy dasturni taqdim etdi. Ular orasida 2030 yilga borib mamlakat yalpi ichki mahsulotini $300 mlrdga yetkazish maqsadi ham bor.
Yangi iqtisodiy dastur keyingi 10 yil davomida $450 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish va yuqori daromadli tarmoqlarda 2 mln ish o‘rni yaratishni nazarda tutadi.
Dastur doirasida startaplar, venchur moliyasi va sun’iy intellekt iqtisodiy o‘sishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Shuningdek, kichik bizneslarni o‘rta biznesga, o‘rta kompaniyalarni esa yirik korporatsiyalarga aylantirish uchun yangi biznes ekotizimini rivojlantirish rejalashtirilgan.
$300 mlrdlik ko‘rsatkich 2025-yil dekabrida belgilangan 2030-yil uchun $240 mlrddan ortiq YaIM maqsadini yangilaydi. Prezident amalga oshiriladigan islohotlar natijasida keyingi o‘n yillikda aholi jon boshiga YaIM $10 mingdan oshishi mumkinligini ham ta’kidladi.
Qolgan milliy dasturlar ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar, sog‘liqni saqlash, suv va ekologiya, sud-huquq tizimi, mahalliy boshqaruv hamda tashqi siyosat yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Xususan, sog‘liqni saqlash dasturida besh yil ichida jamoat salomatligiga yo‘naltiriladigan davlat xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirish, ekologik dasturda esa qishloq xo‘jaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni to‘liq joriy etish maqsad qilingan. Dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq byudjetlar, mas’ul ijrochi organlar va umumiy muddatlar hozircha e’lon qilinmagan.

















