TypeSafe AI kompaniyasi Jev nomli yangi AI modelini taqdim etdi. Model ChatGPT, Claude yoki Gemini kabi javoblarni matn ko‘rinishida generatsiya qilmaydi. Uning vazifasi — dastur uchun kerakli qarorni tez va strukturali shaklda qaytarish.
Model 15-sentabr kuni taqdim etilgan va qisqa vaqt ichida dasturchilar orasida katta qiziqish uyg‘otgan. Vercel ma’lumotlariga ko‘ra, Jev AI Gateway platformasida ishga tushirilganidan keyin 24 soat ichida pullik jamoalarning qariyb 13 foizida ishlatilgan. Bu platformadagi avvalgi model relizlaridan tezroq adoption ko‘rsatkichi bo‘lgan.
Jev nima bilan farq qiladi?
Hozirgi AI modellari asosan inson bilan muloqot qilish uchun optimallashtirilgan. Foydalanuvchi savol beradi, model esa matn, kod yoki boshqa kontent bilan javob beradi.
Jev’ga ma’lumot va oldindan belgilangan variantlar beriladi. U esa ushbu variantlardan keraklisini tanlab, qaror bilan birga uning ehtimolini qaytaradi. Masalan, dasturga kelgan mijoz xabarini olaylik. Oddiy LLM undan foydalanib uzun javob yaratishi mumkin. Jev esa xabarni:
“to‘lov muammosi” — 87% ehtimol yoki “refund so‘rovi” — 91% ehtimol kabi dastur to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlata oladigan strukturali natijaga aylantiradi.
TypeSafe bu yondashuvni System One Model deb ataydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Jevning chiqishi oldindan belgilangan strukturaga ega bo‘lgani uchun model noto‘g‘ri formatdagi javob yoki o‘zi istagan boshqa turdagi matnni generatsiya qila olmaydi.
Jev matnni ketma-ket tokenma-token generatsiya qilmagani uchun uning ishlash mexanizmi an’anaviy LLMlardan farq qiladi. TypeSafe parallel sampling arxitekturasi va Reinforcement Learning for Calibrated Decisions (RLCD) deb ataladigan yondashuvdan foydalanishini bildirgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Jevning input narxi 1 mln token uchun $0.042, output esa bepul. Model taxminan 70–500 millisekund ichida javob berishi mumkin.
TypeSafe o‘z benchmarklarida ayrim vazifalarda Jev an’anaviy LLM workflowlariga nisbatan yuzlab marta tezroq va arzonroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Biroq bu ko‘rsatkichlar kompaniyaning o‘z benchmarklariga tegishli va ularni barcha AI vazifalariga tatbiq etib bo‘lmaydi.
Modelning asosiy maqsadi ChatGPT o‘rnini bosish emas. Jev dasturlar ichida juda ko‘p marta takrorlanadigan kichik qarorlarni avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan. Masalan:
- mijoz murojaatini kategoriyalash;
- fraud yoki shubhali tranzaksiyani aniqlash;
- AI agent uchun keyingi harakatni tanlash;
- minglab ma’lumotlarni saralash;
- xavfsizlik tekshiruvlarini avtomatlashtirish;
- AI tomonidan yaratilgan kontentni tekshirish;
- qaysi so‘rovni kuchliroq AI modeliga yuborishni aniqlash.
Bu yerda Jevning asosiy g‘oyasi shundan iborat: har bir kichik qaror uchun qimmat va sekin chatbotni ishga tushirish shart emas.
AI agentlar va avtomatlashtirilgan dasturlar soni oshgani sari modellar nafaqat odamlar bilan suhbatlashishi, balki boshqa dasturlar ichida minglab kichik qarorlarni qabul qilishi kerak bo‘lmoqda.
Masalan, bitta AI agent bir vazifani bajarish davomida o‘nlab yoki yuzlab marta “Qaysi yo‘lni tanlash kerak?”, “Bu xabar qaysi kategoriyaga kiradi?” yoki “Bu vaziyatda keyingi qadam nima?” kabi qarorlarni qabul qilishi mumkin. Har bir qaror uchun katta til modelidan foydalanish esa xarajat va kechikishni oshiradi.
TypeSafe aynan shu qatlamni Jev bilan egallashni maqsad qilmoqda. Kompaniya asoschisi Diogo Almeida bundan oldin OpenAI’da ishlagan va ChatGPT’ni yaratishga olib kelgan instruction-following tadqiqotlarida qatnashgan.
Jev bilan birga TypeSafe AI stealth rejimidan chiqdi va kompaniya $40 mln miqdorida seed investitsiya jalb qilganini e’lon qildi. Raundni DCVC boshqargan. Model hozircha early access formatida taqdim etilmoqda.
Jevning nomi esa iqtisodchi William Stanley Jevons sharafiga qo‘yilgan. Bu yerda kompaniya uning “Jevons paradoksi” g‘oyasiga ishora qiladi: biror resurs arzonlashgani sari undan foydalanish kamaymasdan, aksincha, oshishi mumkin.
TypeSafe bu g‘oyani AI’ga qo‘llamoqda: agar “intellekt”ni ishlatish xarajati keskin pasaysa, uni dasturlarning juda ko‘p joyiga qo‘shish mumkin. Shu sababli Jevning eng katta yangiligi uning ChatGPT’dan aqlliroq ekanida emas. Asosiy g‘oya — AI’dan foydalanish shaklini o‘zgartirish.













