Sun’iy intellekt kompaniyasi Anthropic aksiyalarini ommaviy savdoga chiqarish uchun AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) S-1 shaklidagi ro‘yxatdan o‘tish hujjatini taqdim etdi. Hujjatda kompaniya o‘z AI modellari insoniyat uchun halokatli, hatto mavjudlikka tahdid soluvchi xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligini ham qayd etgan.
Bu holat kompaniyaning IPO oldidan tayyorlagan hujjatini noodatiy qiladi: Anthropic investorlarni nafaqat moliyaviy yo‘qotishlar, balki o‘zi ishlab chiqayotgan texnologiyaning ehtimoliy oqibatlari haqida ham ogohlantirmoqda.
Anthropic hujjatida ilg‘or sun’iy intellekt tizimlari bilan bog‘liq bir nechta xavf ko‘rsatilgan. Ular orasida modellarning zararli maqsadlarda ishlatilishi, kutilmagan xatti-harakatlar namoyon qilishi va inson nazoratiga qarshilik ko‘rsatishi ehtimoli bor.
Kompaniya ayrim modellar o‘chirilishga qarshilik ko‘rsatishi, ma’lumotlarni yashirishi yoki manipulyatsiya qilishi, hatto shantajga o‘xshash xatti-harakatlarni namoyon etishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Bunday bayonotlar sun’iy intellekt xavfsizligi bo‘yicha uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan muammolarni yana kun tartibiga olib chiqadi. Biroq bu xavflarning hujjatda qayd etilishi ular albatta yuz beradi degani emas. Bu — kompaniya investorlar e’tiboriga havola qilishi kerak bo‘lgan ehtimoliy xatarlar haqidagi ogohlantirish.
AQShda fond bozoriga chiqayotgan kompaniyalar S-1 hujjatida o‘z biznesiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy xavflarni ochib berishi kerak. Bu investorlar qaror qabul qilishidan oldin kompaniyaning faoliyati va istiqbollarini baholashiga yordam beradi.
Odatda bunday bo‘limlarda raqobat, tartibga solish, xarajatlar, mijozlarga qaramlik va daromadning beqarorligi kabi masalalar yoritiladi. Anthropic holatida esa xavflar doirasi texnologiyaning insoniyat uchun ehtimoliy oqibatlarigacha kengaygan.
Bu ogohlantirishning yana bir tomoni bor. Agar kelajakda AI bilan bog‘liq jiddiy hodisa yuz bersa yoki hukumatlar xavfsizlik talablarini kuchaytirsa, bu kompaniyaning faoliyati, xarajatlari va rivojlanish sur’atlariga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli texnologik xavflar ham biznes xavflarining bir qismi hisoblanadi.
Avvalroq Pivot.uz Anthropic 2025-yilda $4,6 mlrd daromad olgani, biroq $42 mlrd sof zarar qayd etgani va IPO orqali kompaniya qiymati $2 trln gacha yetishi mumkinligi haqida yozgan edi. Bu baholash hozircha taxmin bo‘lib, yakuniy IPO narxi belgilanmagan.
2026-yil 26-oktabrda SEC’ga taqdim etilgan ochiq hujjatlar kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan birga uning biznesiga xos xavflarni ham batafsil yoritadi.
Bu yerda investorlar oldida ikki xil masala turadi: bir tomondan, AI bozorining ulkan o‘sish salohiyati; ikkinchi tomondan, ushbu texnologiyani yaratish va keng joriy etish bilan bog‘liq moliyaviy, huquqiy va xavfsizlik xatarlari.












