Ilon Mask boshchiligidagi xAI kompaniyasi avgust oyida sun’iy intellekt modeli Grok‘ning ketma-ket ikki yangi versiyasi — Grok 4.6 va Grok 4.7‘ni taqdim etishini ma’lum qildi.
Birinchi yangilanish — Grok 4.6 — 7-avgust kuni chiqariladi. Model 1,5 trillion parametrga ega bo‘lib, Supervised Fine-Tuning (SFT) va Reinforcement Learning (RL) tizimlari sezilarli darajada takomillashtirilgan. Natijada Grok foydalanuvchi so‘rovlarini aniqroq tushunishi va murakkab vazifalarni samaraliroq bajarishi kutilmoqda.
Oradan bir necha hafta o‘tib esa Grok 4.7 taqdim etiladi. U 2,1 trillion parametr bilan ishlaydi va Ilon Maskning ta’kidlashicha, deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Grok 4.6’dan ustun bo‘ladi. Yangi model biroz sekinroq ishlashi mumkin, biroq tokenlardan samaraliroq foydalanishi va yanada sifatli javoblar berishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyining boshida xAI Grok 4.5 modelini e’lon qilgan edi. Ushbu versiya asosan dasturchilar va muhandislar uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, kod yozish, AI-agentlarni boshqarish hamda murakkab mantiqiy masalalarni hal qilishga yo‘naltirilgan.













