O’zbekiston Sanoat-qurilish banki (SQB) va Huawei sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda bank infratuzilmasini rivojlantirish yo’nalishlarida hamkorlik qilish bo’yicha memorandum imzoladi. Bitim bankning raqamli transformatsiyasini jadallashtirish va zamonaviy AI yechimlarini moliyaviy xizmatlarga kengroq joriy etishni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida tomonlar bank jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi texnologiyalarni integratsiya qilish, IT infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mijozlar uchun raqamli xizmatlarni kengaytirish bo’yicha qo’shma loyihalarni amalga oshiradi. Huawei mutaxassislari uchrashuv davomida Xitoy moliya sektorida AI yordamida amalga oshirilgan amaliy loyihalar va ularning natijalarini ham taqdim etdi.
Huawei Uzbekistan direktori Tang Xiaoxiangning ta’kidlashicha, kompaniya va SQB avval ham tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha bir nechta loyihalarni birgalikda amalga oshirgan. Endilikda hamkorlik sun’iy intellekt va aqlli texnologiyalarni bank faoliyatiga chuqurroq integratsiya qilishga qaratiladi.
SQB’ning Sun’iy intellekt bo’yicha bosh direktori Sergey Kozlov esa memorandum bankning texnologik rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishini qayd etdi. Uning so’zlariga ko’ra, Huawei bilan hamkorlik ilg’or texnologiyalar va xalqaro tajribadan foydalanish, raqamli transformatsiyani tezlashtirish hamda AI asosidagi yangi bank mahsulotlarini yaratish imkonini beradi.
Huawei ma’lumotlariga ko’ra, kompaniya moliya sektori uchun texnologik yechimlar ishlab chiqishda 16 yillik tajribaga ega bo’lib, bugungi kunda dunyoning 80 mamlakatidagi 7 100 dan ortiq moliyaviy tashkilot bilan hamkorlik qiladi. Bu tajriba O’zbekiston bank sektorida sun’iy intellektni joriy etish jarayonini tezlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

















