“Sanoat inqilobi insoniyat jamiyatini tubdan o‘zgartirish uchun butun bir asr sarfladi. Sun’iy umumiy intellekt (AGI) esa bundan 10 barobar kuchliroq ta’sirga ega bo‘ladi va bu o‘zgarishlar bor-yo‘g‘i 10 yil ichida yuz beradi.” — Demis Hassabis
Google DeepMind rahbari Demis Hassabis AGI qachon paydo bo‘lishi, uning iqtisodiyot va mehnat bozoriga ta’siri, AI rivojlanishidagi cheklovlar, energiya talabi va ilm-fandagi imkoniyatlar haqida fikr bildirdi.
AGI nima?
AGI (Artificial General Intelligence) — inson kabi turli xil aqliy vazifalarni mustaqil bajara oladigan sun’iy intellekt tizimi. Oddiy AI odatda ma’lum bir vazifaga ixtisoslashgan bo‘lsa, AGI turli sohalarda bilimni tushunish, o‘rganish, muammolarni hal qilish va yangi vaziyatlarga moslashish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.
Hozircha to‘liq AGI yaratilgani yo‘q. Bugungi ChatGPT, Gemini yoki Claude kabi modellar ko‘plab vazifalarni bajara olsa-da, ular hali inson darajasidagi umumiy intellektga ega tizim hisoblanmaydi.
AGI qachon paydo bo‘lishi mumkin?
Hassabis AGI’ni inson bajara oladigan asosiy kognitiv vazifalarni bajarishga qodir tizim sifatida ko‘radi. Uning aytishicha, 2010-yilda DeepMind’ni tashkil etish davrida u va kompaniyaning hammuassisi Shane Legg hisoblash quvvati hamda algoritmlarning rivojlanish sur’atlarini tahlil qilib, AGI’ga erishish uchun taxminan 20 yil kerak bo‘lishi mumkinligini prognoz qilgan. Hassabisning hozirgi hisob-kitoblariga ko‘ra, AGI yaqin besh yil ichida, taxminan 2029–2030-yillarga kelib paydo bo‘lishi mumkin.
AI rivojida keyingi to‘siq nima?
AI modellarining rivojlanishi hozirgacha asosan ko‘proq ma’lumot, parametrlar va hisoblash quvvatiga tayanib keldi. Hassabisning fikricha, bu yondashuv hali o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, biroq keyingi bosqichda faqat model hajmini oshirish yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, compute nafaqat modellarni o‘qitish, balki yangi algoritmik g‘oyalarni sinab ko‘rish uchun ham zarur. Shu sababli hisoblash quvvati yetishmasligi AI tadqiqotlari tezligiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Hozirgi modellar oldida esa bir nechta muammo bor:
– Uzluksiz o‘rganish — model o‘qitilgandan keyin yangi bilimlarni inson kabi doimiy ravishda o‘zlashtirmaydi.
– Uzoq muddatli rejalashtirish — murakkab va ko‘p bosqichli vazifalarni uzoq vaqt davomida izchil bajarish qiyin.
– Notekis intellekt — AI juda murakkab masalani hal qilishi mumkin, ammo boshqa oddiy vazifada xatoga yo‘l qo‘yadi.
AGI mehnat bozorini o‘zgartiradimi?
Hassabisning fikricha, AGI avvalgi texnologik to‘lqinlardan ko‘lami va rivojlanish tezligi bilan farq qilishi mumkin.
“Mark Andrissen va boshqa venchur investorlar bu safar ham o‘tmishdagi 10 ta texnologik to‘lqin (internet, mobil aloqa va h.k.) kabi bo‘ladi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi deb ta’kidlashmoqda. Ha, bu tarixiy haqiqat. Ammo bu safargi siljish har qachongidan tubdan farq qiladi.”
AI mahsuldorlikni keskin oshirishi mumkin, biroq bu o‘sishdan jamiyatning keng qatlamlari qanday foyda ko‘rishi alohida masala bo‘ladi.
Hassabis pensiya fondlari va davlat investitsiya fondlari yirik AI kompaniyalarida ulushga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu AI yaratadigan iqtisodiy qiymatni kengroq taqsimlashga yordam beradi.
AI va energiya muammosi
AI rivojlanishi ma’lumotlar markazlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini oshirmoqda. Shu bilan birga, Hassabis AI energetika tizimlarini samaraliroq boshqarishga yordam berishi mumkinligini aytadi.
DeepMind elektr tarmoqlarini AI yordamida optimallashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan. Bundan tashqari, AI yangi materiallar, samaraliroq batareyalar va termoyadroviy energiya texnologiyalarini ishlab chiqishni tezlashtirishi mumkin.
Tibbiyotda AI qanday o‘zgarish qilishi mumkin?
Hassabis AI’ning eng katta imkoniyatlaridan birini ilm-fan va tibbiyotda ko‘radi.
DeepMind’ning AlphaFold tizimi oqsil tuzilmalari bo‘yicha tadqiqotlarni tezlashtirgan bo‘lsa, Isomorphic Labs AI yordamida yangi dori vositalarini ishlab chiqish jarayonini rivojlantirmoqda.
Hassabisning prognoziga ko‘ra, kelgusi 5–10 yil ichida AI yordamida ishlab chiqilgan dori vositalari klinik sinovlarga yetib borishi mumkin.
DeepMind’ning Londonda joylashgani Hassabis uchun Yevropaning ilmiy salohiyati bilan bog‘liq. Uning fikricha, Buyuk Britaniya va Yevropada kuchli universitetlar hamda ilmiy maktablar mavjud.
Biroq Yevropada texnologik kompaniyalarni global gigantlarga aylantirish uchun zarur yirik kapital yetishmaydi. Shu sababli Hassabis pensiya fondlari va institutsional investorlarning texnologik kompaniyalarga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishini muhim deb hisoblaydi.
AGI faqat texnologik masala emas
Suhbat yakunida Hassabis AI xavfsizligi uchun xalqaro hamkorlik zarurligini ta’kidlaydi. U bu tizimni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik — IAEA faoliyatiga o‘xshash global mexanizm bilan taqqoslaydi.
Ammo uning uchun AGI bilan bog‘liq eng muhim savollar texnologik emas, balki falsafiy.
“Ko‘pchilik AGI’ning iqtisodiy va texnik muammolaridan xavotirda. Men esa uning falsafiy savollari haqida ko‘proq o‘ylayman. Agar texnik va iqtisodiy muammolarni to‘g‘ri hal eta olsak, oldimizda boshqa savol ko‘ndalang bo‘ladi: Inson bo‘lish nimani anglatadi? Hayotning ma’nosi va maqsadi nimada? Ushbu davrni talqin qilish uchun bizga yangi avlod buyuk shoir va faylasuflari kerak bo‘ladi.” — Demis Hassabis













