Tojikiston Markaziy Osiyoda transchegaraviy savdoni raqamlashtirish uchun “Yagona raqamli iz” (Single Digital Trade Footprint) konsepsiyasini taklif qildi. Uning asosiy tamoyili: 1 buyurtma → 1 elektron hisob-faktura → 1 raqamli iz.
Konsepsiya 28-sentabr kuni Dushanbeda o‘tkazilgan Central Asian Digital Trade Forumda muhokama qilindi. Tadbirda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, banklar, biznes vakillari, texnologik kompaniyalar, marketplace va logistika operatorlari qatnashdi. Muhokamalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri qog‘oz hujjatlarni raqamli ma’lumot almashinuvi bilan almashtirish va turli davlatlardagi tizimlarni o‘zaro bog‘lash bo‘ldi.
Taklif qilinayotgan modelda savdo operatsiyasi haqidagi ma’lumotlar bir marta kiritilib, keyinchalik soliq va bojxona organlari, banklar, transport kompaniyalari hamda logistika tizimlari tomonidan qayta ishlatilishi mumkin.
Masalan, kompaniya buyurtma yaratgach, uning ma’lumotlari elektron hisob-fakturaga o‘tadi. Keyinchalik ayni ma’lumotlar to‘lov, bojxona rasmiylashtiruvi va transport hujjatlarida ham qo‘llanadi. Natijada kompaniya bir xil ma’lumotlarni turli tizimlarga qayta-qayta kiritishiga ehtiyoj kamayadi.
Tojikiston Prezidenti administratsiyasining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Farhod Habibzoda raqamli infratuzilma, onlayn xizmatlar va milliy tizimlarni integratsiya qilishni raqamli savdoni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etdi.
Jahon savdo tashkilotining raqamli savdo va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha rahbari Emmanuelle Ganne xalqaro savdo operatsiyasiga o‘rtacha 36 ta hujjat va 240 ta nusxa to‘g‘ri kelishini ta’kidladi. Shu sababli hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazishning o‘zi yetarli emas — turli tizimlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi ham yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Forumda keltirilgan BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari qog‘ozsiz savdo bo‘yicha choralarining qariyb 70 foizini joriy qilgan. Murakkabroq transchegaraviy choralar bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich taxminan 55 foizni tashkil etadi.
Keyingi bosqich sifatida elektron hisob-fakturalarni soliq va bojxona tizimlari bilan integratsiya qilish, e-CMR va boshqa elektron transport hujjatlarini joriy etish, raqamli to‘lovlarni rivojlantirish, marketplace’larni API orqali bog‘lash hamda raqamli logistika koridorlarini yaratish taklif qilindi.
“Yagona raqamli iz” konsepsiyasi Tojikiston ichidagi savdo jarayonlarini raqamlashtirish bilangina cheklanmaydi. Uning muhim yo‘nalishlaridan biri — Markaziy Osiyo davlatlarining raqamli savdo tizimlarini o‘zaro moslashtirish.
Buning uchun elektron hisob-fakturalar, transport hujjatlari, sertifikatlar, ruxsatnomalar, bojxona va to‘lov ma’lumotlari turli mamlakatlardagi tizimlar o‘rtasida ishlay olishi kerak. Shunda tovar chegaradan o‘tayotganda bir xil ma’lumotlarni qayta kiritish va bir xil hujjatlarni qayta tayyorlashga ehtiyoj kamayadi.
Tojikiston bu yo‘nalishni 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan elektron savdoni rivojlantirish dasturi orqali ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Dastur elektron savdoni kengaytirish, savdo xarajatlarini kamaytirish va savdo jarayonlarini soddalashtirishni nazarda tutadi.
Dushanbedagi muhokamalar Markaziy Osiyoda raqamli savdoning keyingi bosqichi alohida platformalar yaratishdan ko‘ra, mavjud tizimlarni bir-biri bilan bog‘lashga ko‘proq e’tibor qaratishini ko‘rsatmoqda.













