Press ESC to close

“Iqtisodiyot va sun’iy intellekt” mavzusida seminar o’tkazildi

2024-yil 17-20-dekabr kunlari Bank-moliya akademiyasida Janubiy Koreyaning Handong Global, Sookmyung Women’s va Sejong universitetlari vakillari ishtirokida bir qator uchrashuvlar va tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirlar xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, dolzarb ilmiy mavzularni muhokama qilish va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qildi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar ilmiy tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, tinglovchilar uchun stajirovkalar, malaka oshirish kurslari va qo‘shma konferensiyalar tashkil etish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar. Bundan tashqari, quyidagi dolzarb yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy-ta’lim dasturlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi:
• innovatsiyalar;
• raqamli iqtisodiyot;
• moliyaviy texnologiyalar;
• bank-moliya sohasidagi zamonaviy boshqaruv.

“Iqtisodiyot va sun’iy intellekt” mavzusiga bag‘ishlangan qo‘shma seminar chog‘ida sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotning turli sohalarga ta’siri muhokama qilindi. Ishtirokchilarga quyidagi mavzularda xalqaro tajriba va ilmiy tadqiqot natijalari taqdim etildi:
• raqamli bozorlar uchun raqobat huquqini ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish;
• sun’iy intellekt yordamida moliyaviy inklyuzivlikni oshirish imkoniyatlari;
• sun’iy intellektning bank tizimining kelajagini belgilashdagi roli.

Ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiy va moliyaviy jarayonlarga tatbiq etishning afzalliklari va imkoniyatlari yuzasidan fikr almashib, kelgusi hamkorlik rejalari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

UNESCO UNITWIN Winter Program dasturi doirasida tashkil etilgan seminarda quyidagi mavzular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot metodologiyalari batafsil muhokama qilindi:
• statistik va regressiya tahlili kabi miqdoriy tadqiqot usullari;
• tadqiqot jarayonini tuzish va qayta tashkil qilish usullari;
• kuzatuvlar, intervyu va narrativ tahlil kabi sifat usullari.

Mazkur seminar ilmiy yondashuvlarni rivojlantirish va amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim platforma bo‘ldi.

Shuningdek, koreys universitetlari vakillari Orient Finans banki vakillari va ushbu bankda faoliyat yuritayotgan Bank-moliya akademiyasi bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuvda bank sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, moliyaviy texnologiyalarni joriy etish va professional rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvlar va tadbirlar Bank-moliya akademiyasi hamda Janubiy Koreya universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi sheriklikni mustahkamladi. Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotga bag‘ishlangan bunday muloqotlar xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Olingan bilim va tajribalar kelgusidagi loyihalarda o‘z ifodasini topishi shubhasiz.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan