Microsoft va Meta xodimlarining Anthropic tomonidan ishlab chiqilgan Claude AI vositalaridan foydalanishini qisqartirib, o‘z kompaniyalarining muqobil yechimlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Microsoft ichki foydalanish uchun Anthropic texnologiyalariga sarflanishi rejalashtirilgan mablag‘ni uchdan biridan ko‘proqqa kamaytirgan. Kompaniya xodimlarni, ayniqsa dasturlash jarayonida, GitHub Copilot va boshqa ichki AI vositalaridan foydalanishga undamoqda. Shunga qaramay, muhandislar boshqa modellarni tanlash imkoniyatini saqlab qolgan.
Meta’da ham shunga o‘xshash o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Kompaniyada Claude Code’dan foydalanuvchi xodimlar soni yil boshidagi taxminan 60 ming nafardan 30 ming nafargacha kamaygan. Bu jarayonda kompaniyaning o‘z dasturlash vositalari muhim rol o‘ynamoqda.
Meta ichki foydalanish uchun MetaCode’ni rivojlantirmoqda. Bundan tashqari, Claude Code’ga muqobil sifatida ishlab chiqilgan Muse Code tashqi mijozlar bilan ham sinovdan o‘tkazilmoqda. The Information ma’lumotlariga ko‘ra, yaqinda MetaCode’dan 30 mingdan ortiq, Muse Code’dan esa 6 mingdan ortiq xodim foydalangan.
Nima uchun bu muhim?
Bunday o‘zgarishlar yirik texnologik kompaniyalar uchun AI vositalarining samaradorligi bilan bir qatorda, ulardan foydalanish xarajatlari ham muhimligini ko‘rsatadi. Minglab dasturchilar ishlaydigan tashkilotlarda AI xizmatlariga sarflanadigan mablag‘ juda katta bo‘lishi mumkin.
O‘z vositalarini rivojlantirish kompaniyalarga ish jarayonlarini yaxshiroq nazorat qilish, xarajatlarni boshqarish va tashqi AI provayderlariga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.
Biroq bu Microsoft va Meta Anthropic bilan hamkorlikni butunlay to‘xtatayotganini anglatmaydi. Hozircha xabarlar asosan xodimlarning ichki foydalanishi va kompaniyalarning AI xarajatlarini qayta ko‘rib chiqishiga taalluqli.













