Qozog‘iston xorijiy investorlar va yuqori malakali mutaxassislarni mamlakatga jalb qilish uchun migratsiya qonunchiligini isloh qilmoqda. Yangi tashabbus doirasida investorlar uchun raqamli «oltin viza» tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
16-oktabr kuni Qozog‘iston parlamentida ushbu tashabbusni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamasi boshlandi. Deputat Lyazzat Jilqibayeva boshchiligidagi ishchi guruhning ilk yig‘ilishida taqdim etilgan loyiha Prezident Qosim-Jomart Toqayev topshirig‘i asosida ishlab chiqilmoqda.
Viza qanday ishlaydi?
Yangi tizim bo‘yicha investorlar maxsus raqamli «oltin viza» sertifikatini olishlari mumkin bo‘ladi. Ariza topshirish va kerakli hujjatlarni taqdim etish jarayonlari Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining yagona raqamli platformasi — QazETA orqali to‘liq onlayn amalga oshiriladi.
Bu investorlarni uzoq davom etadigan ma’muriy jarayonlardan xalos etish va mamlakatga sarmoya kiritishni soddalashtirishga qaratilgan. Tashabbus nafaqat xorijiy kapitalni, balki ilg‘or texnologiyalar va yuqori malakali mutaxassislarni ham jalb qilishni ko‘zda tutadi.
Mamlakat xorijiy investorlar uchun yanada jozibador sharoit yaratib, mintaqadagi investitsiyalar va malakali kadrlar uchun raqobatda o‘z o‘rnini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Biroq yangi tizimning barcha tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan. Jumladan, «oltin viza» olish uchun talab etiladigan investitsiyaning eng kam miqdori va dasturning kuchga kirish sanasi bo‘yicha yangi loyiha doirasidagi aniq shartlar e’lon qilinmagan. Shu sababli tashabbusni amalda joriy etilgan tizim emas, ishlab chiqilayotgan islohot sifatida baholash kerak.














