O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev an’anaviy Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakat yigit-qizlari bilan ochiq muloqot va uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari global raqobat sharoitida dunyo mamlakatlari endilikda hududi yoki aholi soni bilan emas, balki chuqur bilim, ilg‘or texnologiya va inson kapitali bilan o‘zaro kurashayotganini, shu sababli Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan «Bilimlar iqtisodiyoti» hal qiluvchi kuchga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi. Mamlakatimiz oldiga 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazishdek ulkan maqsad qo‘yilgan bo‘lib, ushbu marraga erishishda innovatsion startaplar, yosh tadbirkorlar va zamonaviy bilimga ega yosh kadrlar asosiy drayver bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi va haftaning payshanba kuni «Yoshlar kuni» deb belgilangani natijasida yigit-qizlarning bandligi, ta’limi va tadbirkorlik boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida «Yoshlar daftari» orqali 1.5 million nafar yoshning muammosi hal etildi hamda yosh tadbirkorlar soni 5 barobarga ko‘payib, 287000 dan oshdi. Hozirgi kunda mamlakatimizda yillik aylanmasi 50 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan 68 nafar, aylanmasi 100 mlrd so‘mdan oshgan 194 nafar va aylanmasi 500 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan 15 nafar yosh tadbirkorlar avlodi shakllandi. Shu bilan birga, oxirgi 9 yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobarga o‘sib, 4 milliard dollardan oshdi hamda hozirda mamlakatda 1200 dan ziyod istiqbolli loyihalar hamda kapitali 200 million dollar bo‘lgan 23 ta venchur fondi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu ijobiy dinamikani yanada rivojlantirish va kamida 300000 nafar yoshga o‘z biznesini boshlash imkoniyatini berish uchun yangi tizim joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda o‘ziga xos «miya markazi»ga aylanadi va uning tinglovchilari hududlardagi real ehtiyojlar asosida tayyor biznes-rejalar ishlab chiqadi. Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi ushbu loyihalarni imtiyozli shartlarda yoshlarga taklif etadi va yuqori daromadli hamda ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratadi. Eng yaxshi biznes-loyihalar akademiyada magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi va ularning yaratuvchilari bank filiallari rahbarligi hamda hokimlarning iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlariga 1-navbatdagi nomzodlar etib belgilanadi. Bundan tashqari, mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlar uchun «Yoshlar mini-franshizasi» dasturi ishga tushirilib, ularga 300 million so‘mgacha foizsiz ssudalar taqdim etiladi va bu dasturlarga jami 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Yoshlarning g‘oya va yechimlarini vazirlik va hokimliklar darajasida qo‘llab-quvvatlash uchun “1000 ta masalaga – yoshlardan 1000 ta yechim” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir sohadagi dolzarb muammolar ochiq platformaga joylashtiriladi va eng yaxshi yechim taklif qilgan yoshlar rag‘batlantiriladi. Ushbu maqsadda har bir vazirlik va hokimiyat huzurida kamida 10 mlrd so‘m miqdorida shaxsiy venchur fondlari tashkil etilib, ushbu mablag‘lar eng istiqbolli 20 ta loyihani moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Shu bilan bir qatorda, Yoshlar ishlari agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi 100 ta eng yaxshi loyihani saralab olib, ularga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritadi, texnikum o‘quvchilarining startap loyihalariga ham 1 mlrd so‘mgacha davlat grantlari ajratiladi. Surxondaryo tajribasi asosida bosqichma-bosqich barcha hududlarda kasb va til o‘rganish, ishga joylashish hamda tadbirkorlik bo‘yicha xizmatlarni «yagona darcha» tamoyilida ko‘rsatuvchi Yoshlar xablari barpo etiladi.
Oliygoh bitiruvchilarining bandligini ta’minlash va ish beruvchilarni rag‘batlantirish maqsadida inqilobiy soliq imtiyozi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, oliygoh bitiruvchisini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun ushbu yosh mutaxassisga nisbatan daromad va ijtimoiy soliq 1 yil davomida atigi 1% qilib belgilanadi, bu esa 200000 ga yaqin bitiruvchini tez fursatda ish bilan ta’minlash uchun muhim turtki bo‘ladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmat, migratsiya va jazoni o‘tab qaytgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa “Kafolatlangan birinchi qadam” ijtimoiy paketi hayotga tatbiq etiladi. Shuningdek, uyushmagan va ko‘makka muhtoj tengdoshlariga yordam bergan talabalarni rag‘batlantiruvchi “Ustoz – talaba” dasturi hamda yoshlarning g‘oyalarini real loyihalarga aylantiruvchi va 50 milliard so‘m byudjetga ega «Tashabbuslar ofisi» tashkil etiladi.
Har yili 500000 nafar o‘g‘il-qizni zamonaviy hunarlarga o‘qitish maqsadida “Kelajak bilimlari ekotizimi” yaratiladi. O‘quv markazlari tashkil etish istagidagi yoshlarga yer va davlat obyektlari imtiyozli shartlarda berilib, zarur infratuzilma davlat hisobidan barpo etiladi va binolarni qurish hamda jihozlash uchun kredit stavkalari kompensatsiya qilinadi. Qo‘lida kasbi bor, lekin Microsoft, IT yoki boshqa yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun “kasb vaucheri” joriy etilib, har yili 50000 nafar yoshning o‘qish xarajatlari foizsiz ssuda hisobidan qoplanadi, ehtiyojmand oilalardagi 85000 nafar ishsiz yoshga esa bepul vaucherlar beriladi hamda joriy yilning o‘zida bu tizim uchun 120 milliard so‘m ajratiladi. Texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki kengaytirilib, litsenziya talablari soddalashtiriladi va xususiy texnikumlarga ham davlat granti ajratila boshlaydi, xalqaro kasb tanlovlari g‘oliblari va ularning ustozlari esa yirik pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida ham yoshlar uchun misli ko‘rilmagan sharoitlar yaratilmoqda. Raqamli hukumat markazida ishga tushirilgan 1-superkompyuter klasterining quvvati kelgusi yili 3 karra oshiriladi hamda joriy yilda 20 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Yangi AT parklar barpo etilishi hisobidan 20000 dan ziyod yigit-qiz uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi va “Mening birinchi kompyuterim” dasturi orqali ehtiyojmand oilalardagi 10000 nafar yoshga noutbuk xaridi uchun moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar uchun dual ta’lim tizimi kengaytirilib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi davlat stipendiyasi hamda iqtidorli qizlar uchun “Muhandis qizlar” stipendiyasi ta’sis etiladi, sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblariga ham 1 milliard so‘mlik rag‘batlantirish mukofoti tatbiq etiladi.
Raqamli makonda milliy ruhni mustahkamlash va kompyuter hamda mobil o‘yinlar yo‘nalishini rivojlantirish uchun AT parklarda maxsus inkubatsiya markazlari ochilib, har yili milliy ruhdagi kamida 20 ta o‘yin yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi. Xorijiy tillarni mukammal biladigan 650000 dan ziyod yoshlar salohiyatidan vatanimiz tarixi va turizm imkoniyatlarini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda foydalanish maqsadida maxsus “raqamli kontent” platformasi ishga tushirilib, unga har yili 20 milliard so‘m ajratiladi. Xorijda o‘qiyotgan 14000 dan ortiq yigit-qizning ta’til davrida vatanimizdagi vazirlik, hokimlik va yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tashi uchun raqamli muloqot platformasi yaratiladi hamda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali yoshlarni xususiy sektor buyurtmasi asosida ham nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qitish imkoniyati ochiladi.
Davlat boshqaruvida yoshlarga ishonchni kuchaytirish va eng iqtidorlilarni saralash maqsadida 5 ta yo‘nalishda “TOP-100” dasturi amalga oshirilib, g‘oliblar rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi hamda yiliga 2000 nafar yosh davlat hisobidan xalqaro tashkilotlarga stajirovka va amaliyotga yuboriladi. Yoshlarni yagona maqsad atrofida birlashtirish uchun “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushirilib, unda yuqori natijaga erishganlarga grantlar, kontraktga chegirmalar, imtiyozli kreditlar va ipoteka bo‘yicha keng imkoniyatlar beriladi. Prezident o‘z nutqida o‘zbek futbolining yutuqlariga va terma jamoamizning jahon chempionatidagi munosib ishtirokiga to‘xtalib, yosh sportchilarni xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritgan 2245 ta hamda fan olimpiadalaridagi 434 ta medallari bilan tabrikladi va bolalar futbolini umummilliy harakatga aylantirish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan bir qatorda, davlat rahbari millat genofondi va yoshlar kelajagiga raqna solayotgan giyohvandlik hamda psixotrop moddalar tahdidiga qarshi qat’iy va murosasiz kurashishga chaqirdi hamda oilada farzand tarbiyasiga bo‘lgan mas’uliyatni har qachongidan ham oshirish kerakligini aytdi. Xulosa o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev mamlakat yoshlarini katta marralar sari dadil intilishga, qiyinchiliklardan cho‘chimasdan zamonaviy bilimlarni egallashga da’vat etib, ularning ortida har doim ishonadigan va qo‘llab-quvvatlaydigan davlat hamda Prezident turganini alohida ishonch bilan ta’kidladi.















