O‘zbekiston Markaziy banki va Malayziyaning Bank Negara Malaysia vakillari islom moliyasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv Silk Road Finance and Technology Forum doirasida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekistonda islom moliyasi infratuzilmasini shakllantirish, jumladan, islomiy banklar va «islomiy darchalar»ni litsenziyalash, shuningdek, islom moliyasi uchun maxsus soliqqa tortish tartibini joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ikki pog‘onali Shariat boshqaruvi tizimini yaratish, Markaziy bank va tijorat banklari huzurida Islom moliyasi kengashlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni mamlakatda islom moliyasi ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, markazlashgan Shariat boshqaruvi, islomiy bank mahsulotlarini bosqichma-bosqich joriy etish va ularni keng iste’molchilar uchun jozibador qilish mexanizmlariga e’tibor qaratildi.
Malayziyada islom moliyasi tizimini rivojlantirish 1983-yilda boshlangan. Bugungi kunda mamlakat ushbu yo‘nalishdagi rivojlangan moliyaviy ekotizimlardan biriga ega.
Uchrashuvda islom moliyasini faqat diniy ehtiyojlar nuqtai nazaridan emas, balki mijozlar va biznes uchun qo‘shimcha qiymat yaratadigan zamonaviy moliyaviy tizim sifatida rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Yakunida O‘zbekiston va Malayziya islom moliyasi sohasida tajriba va bilim almashinuvini yanada rivojlantirishga kelishib oldi.













