Xitoyda humanoid robotlar bozoriga bo‘lgan katta qiziqish ortidan regulyatorlar kompaniyalarning birjaga chiqish rejalarini yanada sinchiklab tekshira boshladi. Asosiy e’tibor kompaniyalarning yuqori baholari va ko‘rsatayotgan daromadlari ortida haqiqiy bozor talabi bor-yo‘qligiga qaratilmoqda.
Bu jarayon Unitree Robotics kompaniyasining birjadagi keskin debyutidan keyin yanada kuchaydi. Kompaniya aksiyalari savdolarning dastlabki bosqichida besh baravardan ko‘proq oshgan, keyinchalik esa eng yuqori darajasidan 55 foizga tushgan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Qimmatli qog‘ozlarni tartibga solish komissiyasi humanoid robot kompaniyalarining IPOlarini ma’qullash bo‘yicha talablarni kuchaytirishga doir norasmiy ko‘rsatmalar bergan. Bu hozircha sohaga rasmiy taqiq qo‘yilganini anglatmaydi.
Regulyatorlar kompaniyalarning daromad manbalariga ham e’tibor qaratmoqda. Ayrim robot kompaniyalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalardan daromad oladi. Bunday tushumlar esa kompaniyaning mustaqil mijozlar tomonidan shakllangan real bozor talabini to‘liq aks ettirmasligi mumkin.
Shu sababli investorlar endi kompaniyalarning faqat robot namoyishlari yoki yuqori baholariga emas, real mijozlar, buyurtmalar, mahsulotdan foydalanish va barqaror daromadga ham ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Shunga qaramay, Xitoy humanoid robotlar rivojidan voz kechayotgani yo‘q. Aksincha, “embodied intelligence”, ya’ni sun’iy intellektning fizik robotlar orqali real muhitda ishlashi mamlakatning strategik texnologik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Bozorning o‘zi esa hali rivojlanishning dastlabki bosqichida. Xalqaro Robototexnika Federatsiyasi (IFR) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘yicha taxminan 7 000 ta humanoid robot sotilgan.
Hozircha bu robotlarning katta qismi zavodlarda doimiy ishlab chiqarish vazifalarini bajarishdan ko‘ra, tadqiqot, ma’lumot yig‘ish va AI modellarini rivojlantirish kabi vazifalarda qo‘llanmoqda.

















