IT Park Ventures portfelidagi Verifix va Qozog‘istonning moslashuvchan bandlik platformasi EasyTap O‘zbekiston va Qozog‘istonda qo‘shma korxonalar tashkil etishga kelishdi. Hamkorlik orqali ikki kompaniyaning texnologik yechimlari yagona tizimga birlashtiriladi.
Yangi platforma biznesga shtatdagi xodimlarning smenalarini rejalashtirish, ish yuklamasini tahlil qilish va zarurat tug‘ilganda yetishmayotgan ishchi kuchini tezkor jalb qilish imkonini beradi.
Xodim yetishmasa, tizim ishchi topishga yordam beradi
Retail, HoReCa, ombor va ishlab chiqarish sohalarida ish jadvali tez-tez o‘zgarib turadi. Xodim kasal bo‘lishi, ishdan ketishi yoki smenaga chiqmasligi, ayrim davrlarda esa ish hajmi keskin oshishi mumkin.
Verifix va EasyTap bu muammoning ikki qismini birlashtirmoqchi: avval biznesga qancha xodim kerakligini aniqlash, keyin esa yetishmayotgan ishchi kuchini topish.
Verifix ish yuklamasini tahlil qilib, har bir lokatsiya va vaqt oralig‘i uchun qancha xodim kerakligini prognoz qiladi. Agar shtatdagi xodimlar yetarli bo‘lmasa, EasyTap orqali bo‘sh smenalarni tekshiruvdan o‘tgan o‘zini o‘zi band qilgan ijrochilar bilan to‘ldirish mumkin bo‘ladi.
EasyTap ma’lumotlariga ko‘ra, platforma shoshilinch ishchi kuchi talablarining 90 foizdan ortig‘ini, jumladan smena boshlanishidan uch soat oldin yaratilgan buyurtmalarni ham yopadi.
Yangi tizimda smenalarni rejalashtirish, ish vaqtini hisoblash, to‘lovlar va shtatdagi hamda moslashuvchan xodimlar bo‘yicha tahlillarni bitta interfeysda boshqarish rejalashtirilmoqda.
Biznes uchun bu nimani anglatadi?
Verifix ma’lumotlariga ko‘ra, ish vaqtini aniq hisobga olish kompaniyalarga mehnatga haq to‘lash fondining qariyb 5 foizini, real ish yuklamasiga asoslangan smena rejalashtirishi esa yana 10–15 foizini tejash imkonini beradi.
EasyTap bilan integratsiya esa ishchi kuchidagi bo‘shliqlarni yangi xodimni uzoq vaqt qidirib, ishga olish o‘rniga bir necha soat ichida to‘ldirish imkonini berishi kutilmoqda.
EasyTap mijozlari qatorida Zammler, MagnumGo, Adidas va Korzinka kabi kompaniyalar bor.
Xodimlar uchun raqamli mehnat tarixi
Hamkorlik faqat biznes uchun yechim yaratish bilan cheklanmaydi. Kompaniyalar xodimlar va ijrochilar uchun har bir ishlangan smena bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan raqamli mehnat tarixini yaratishni rejalashtirmoqda.
Tizimda foydalanuvchilarning shaxsiy reytingi shakllanishi va tajriba hamda ko‘nikmalar ortgani sari ko‘proq daromad olish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.
Mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotganlar uchun esa platforma haq to‘lanadigan stajirovkalar orqali ish tajribasini boshlash va keyinchalik doimiy ishga joylashish imkoniyatini berishi mumkin.
Markaziy Osiyo bozoriga chiqish
Ikki kompaniyaning mavjud auditoriyasi sezilarli hajmga ega. Verifix platformasidan besh mamlakatdagi 480 dan ortiq tashkilot, 5 000 dan ziyod lokatsiya va 85 000 dan ortiq xodim foydalanadi.
EasyTap esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda 50 dan ortiq shaharda ishlaydi. Platformada 500 000 dan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, mijoz kompaniyalar soni esa 250 dan oshadi.
Hamkorlik natijasida yagona tizim doirasida 500 000 dan ortiq ijrochi, 85 000 nafar shtatdagi xodim va 700 dan ortiq kompaniyani qamrab olish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonda qo‘shma mahsulotni rivojlantirish bilan Verifix, Qozog‘istonda esa EasyTap jamoasi shug‘ullanadi. Yangi yechimning dastlabki qo‘shma mijozlari 2026-yil IV choragida paydo bo‘lishi kutilmoqda.
2025-yil yozida IT Park Ventures Verifix’ga $150 000 investitsiya kiritgan.

















