Microsoft 1-oktabr kuni LinkedIn va Microsoft 365 yo‘nalishlarida rahbariyat o‘zgarishini e’lon qildi. LinkedIn’ni 2020-yildan beri boshqarib kelayotgan Ryan Roslanski 2026-yil oxirida Microsoft’ni tark etadi. U yil yakunigacha kompaniya rahbari Satya Nadellaga maslahatchi sifatida yordam berib, vakolatlarni topshirish jarayonida ishtirok etadi.
Roslansky Microsoft’dagi qariyb 18 yillik faoliyati davomida LinkedIn rivojida muhim rollarni bajargan. Uning rahbarligi davrida platforma 1 milliarddan ortiq a’zoga yetdi, kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, LinkedIn’ning biznesi esa qariyb uch baravar kengaydi. 2025-yilda Roslanski Microsoft 365’ning kelajagi va Copilot asosidagi yangi ish muhitini shakllantirishga ham rahbarlik qila boshlagan.
Roslansky ketish qarorini oilasi bilan Kaliforniyaning Bay Area hududida qolish istagi bilan izohladi. Microsoft 365’ning keyingi bosqichiga rahbarlik qilish esa undan Redmond shahrida to‘liq vaqt ishlashni talab qilgan. U o‘z murojaatida LinkedIn’dagi 18 yillik faoliyatini, pandemiya davridagi boshqaruv tajribasini va kompaniyaning sun’iy intellekt davriga moslashish jarayonini alohida ta’kidladi.
Rahbariyatdagi boshqa o‘zgarishlar ham kuchga kiradi: Sumit Chauhan va Lan Ye Charles Lamanna’ga, Jon Friedman esa Jacob Andreou’ga bo‘ysunadi. Dan Shapero LinkedIn rahbari sifatida, Mohak Shrof esa o‘z lavozimida qoladi va Satya Nadellaga hisobot beradi.
Bu o‘zgarish Microsoft’ning ish unumdorligi dasturlari, LinkedIn va sun’iy intellekt xizmatlarini yanada yaqinlashtirish strategiyasi fonida yuz bermoqda. Kompaniya Copilot orqali Microsoft 365’ni shunchaki alohida dasturlar to‘plami emas, balki ish jarayonlarining markaziy vositasiga aylantirishga intilmoqda. Shu sababli yangi rahbariyat oldidagi asosiy vazifalardan biri LinkedIn’dagi professional tarmoq va Microsoft’ning sun’iy intellekt mahsulotlari o‘rtasidagi imkoniyatlarni qanday rivojlantirish bo‘lishi mumkin.













