Jahon banki Qozog‘istonda yuqori texnologiyali startaplarni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xususiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan yangi loyihani ma’qulladi. Loyiha doirasida mamlakatga $75 mln miqdorida kredit ajratiladi.
30-sentabr kuni Jahon banki direktorlar kengashi Advancing Learning, Entrepreneurship, and Markets for Artificial Intelligence (ALEM) loyihasini tasdiqladi. Dastur 2031-yilgacha Qozog‘istonning texnologik startaplarini yaratish, tijoriylashtirish va xalqaro miqyosda kengaytirishga yordam berishni ko‘zda tutadi.
Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri — texnologiya sohasida yuqori malakali ish o‘rinlarini ko‘paytirish. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur natijasida 10 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi mumkin. Buning uchun to‘rtta yo‘nalishga e’tibor qaratiladi:
- raqamli va AI yo‘nalishlarida malakali mutaxassislar tayyorlash;
- yuqori unumdor hisoblash texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish;
- robototexnika uchun prototiplash infratuzilmasini rivojlantirish;
- startaplarning keyingi bosqichdagi moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilash.
Qozog‘istonda ayniqsa growth-stage, ya’ni dastlabki bosqichdan o‘tgan, ammo tez kengayish uchun katta kapitalga muhtoj kompaniyalar uchun moliyalashtirish tanqisligi mavjud. Jahon banki bu bo‘shliqni yiliga $20–25 mln deb baholamoqda.
Loyiha 2031-yil dekabrigacha 800 ta startapni pre-seed, seed yoki xalqaro akseleratsiya dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgan. Shuningdek:
- 28 ming nafar yosh ilg‘or texnologik ko‘nikmalar bo‘yicha ta’lim oladi;
- 50 dan ortiq kompaniya venchur investitsiyalariga chiqishi uchun yordam oladi;
- kamida $60 mln xususiy kapital safarbar qilinadi.
Loyiha doirasida $20 mln Fund-of-Funds mexanizmi orqali investitsiyalarga yo‘naltiriladi. Uni Alem Capital Management boshqaradi. Bundan tashqari, Qozog‘istonlik founderlarni xalqaro akseleratorlar va xorijiy texnologik markazlar bilan bog‘lash rejalashtirilgan.
Qozog‘iston so‘nggi yillarda iqtisodiyotni xomashyo eksportiga kamroq bog‘lash va texnologik sektorni kengaytirishga e’tibor qaratmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari eksporti 2019-yildagi $132 mln dan 2025-yilda $1,1 mlrdgacha oshgan. Qozog‘iston bu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha $5 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan.
Yangi loyiha Qozog‘istonning 2029-yilgacha bo‘lgan Milliy rivojlanish rejasi va 2024–2029-yillarga mo‘ljallangan AI rivojlantirish konsepsiyasi bilan hamohang.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida AI bilan bog‘liq dasturlardan foydalanadigan kompaniyalar o‘rtacha 10–20 foiz yuqori mahsuldorlikka ega.
Yangi dastur Qozog‘istonda Jahon banki ko‘magida amalga oshirilgan avvalgi Fostering Productive Innovation Project loyihasining davomidir. Ushbu loyiha doirasida 162 ta startap va ilmiy-tadqiqot jamoasi qo‘llab-quvvatlangan. Ular $23 mln dan ortiq dastlabki savdo va xususiy investitsiyalarni jalb qilgan hamda 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratgan.
Endi yangi bosqichda e’tibor faqat startaplarni yaratishga emas, balki ularni tijoriylashtirish, investitsiya jalb qilish va xalqaro bozorlarga olib chiqishga qaratiladi.
Qozog‘iston uchun bu texnologik startaplarni alohida sektor sifatida emas, balki iqtisodiy diversifikatsiya va xususiy kapitalni jalb qilish vositasi sifatida rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi yirik qadam bo‘lishi mumkin.













