OpenAI ChatGPT’da Locked Chats funksiyasini ishga tushirishni boshladi. U foydalanuvchilarga shaxsiy suhbatlarni oddiy chatlar tarixi va qidiruv natijalaridan yashirib, ularga kirishni PIN-kod yoki qo‘llab-quvvatlanadigan qurilmalardagi biometrik autentifikatsiya bilan cheklash imkonini beradi.
Yangi funksiya ChatGPT’dagi ayrim suhbatlarni boshqa odamlardan yashirish uchun mo‘ljallangan. Masalan, foydalanuvchi qurilmasini boshqalarga ko‘rsatganda shaxsiy yozishmalari odatiy chatlar ro‘yxatida ko‘rinmaydi.
Suhbatni bloklash uchun foydalanuvchi chat yonidagi uch nuqtali menyudan (•••) Lock chat bandini tanlashi kerak. Shundan so‘ng suhbat Locked Chats bo‘limiga ko‘chiriladi va unga kirish uchun to‘rt xonali PIN-kod talab qilinadi.
Qo‘llab-quvvatlanadigan mobil qurilmalarda Face ID, Touch ID yoki qurilmani qulfdan chiqarish usulidan ham foydalanish mumkin. Funksiya ChatGPT Free, Go, Plus, Pro, Business, Enterprise va Edu tariflari uchun bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Shu sababli u hali barcha foydalanuvchilarda mavjud bo‘lmasligi mumkin.
OpenAI ogohlantirishiga ko‘ra, foydalanuvchi PIN-kodini unutib, uni qayta tiklasa, barcha bloklangan suhbatlar, ular ichida saqlangan va faqat shu suhbatlarga tegishli xotira ma’lumotlari hamda himoyalangan fayllar butunlay o‘chiriladi. Ularni qayta tiklab bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, Locked Chats to‘liq ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlaydigan vosita emas. Suhbatni bloklash end-to-end shifrlashni joriy qilmaydi, OpenAI’ning ma’lumotlarni saqlash muddatlarini o‘zgartirmaydi va foydalanuvchining suhbatlardan modellarni takomillashtirishda foydalanishga oid mavjud sozlamalariga ta’sir qilmaydi. Bundan tashqari, suhbat bloklanishidan oldin ChatGPT xotirasida saqlangan ma’lumotlar avtomatik ravishda o‘chirilmaydi.
















