O‘zbekistonda IT sohasida 300 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha belgilangan maqsadga 2026-yilning o‘zida erishildi. Endi 2030-yilgacha yana 500 mingta ish o‘rni yaratish, 5,5 mln yoshni raqamli texnologiyalarga o‘qitish va grantlar hajmini $100 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda.
20-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda IT sohasida bandlikni kengaytirish, yangi texnologik yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash va ta’limni mehnat bozori bilan bog‘lash bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
5,5 mln yoshni raqamli kasblarga o‘qitish rejalashtirilmoqda
2030-yilgacha 5,5 mln nafar yoshni an’anaviy va masofaviy ta’lim shakllari orqali o‘qitish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, har yili 1 mln nafar yoshni robototexnika, kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish, startaplar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda tayyorlash vazifasi belgilangan.
Buning uchun maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan «Al-Xorazmiy vorislari» va «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihalarini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalari hamda xususiy o‘quv markazlari imkoniyatlarini birlashtirish rejalashtirilmoqda.
Ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi. Xususan, sun’iy intellekt, mikrosxemalarni loyihalash, dron texnologiyalari va geymdev sohalarida mutaxassislar tayyorlashga e’tibor qaratiladi. Universitet talabalarining amaliy loyihalarda ishtirokini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.
Grantlar hajmi $100 mlnga yetkaziladi
Raqamli ta’limni rivojlantirish uchun xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2025-yilda ushbu yo‘nalishda $22 mln grant jalb qilingan.
Belgilangan rejaga muvofiq, grantlar hajmini 2026-yil oxirigacha $60 mln ga, 2030-yilga borib esa $100 mln ga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Joriy yilda jalb qilinadigan grant mablag‘larining yarmi raqamli ta’limga yo‘naltiriladi. Qolgan qismi esa malaka oshirish dasturlari, chekka hududlarda raqamli ta’lim markazlarini tashkil etish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun sarflanishi belgilangan.
Ta’limdan ishga joylashishgacha bo‘lgan jarayon birlashtiriladi
Rejalardan yana biri — «Raqamli yoshlar» platformasini rivojlantirish. Platformada yoshlarning ta’limi, kasbiy ko‘nikmalari, til bilish darajasi va sertifikatlari haqidagi ma’lumotlarni jamlash ko‘zda tutilgan. Bu ma’lumotlar asosida ularga mos bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilish va ishga joylashish jarayonini kuzatish rejalashtirilmoqda.
Prezident ta’lim qamrovini kengaytirish bilan birga, o‘qitish sifati va uning bandlikka ta’sirini ham asosiy mezon sifatida belgiladi. Shunday qilib, yangi rejaning asosiy maqsadi faqat ko‘proq yoshlarni IT yo‘nalishlarida o‘qitish emas, balki ularning ko‘nikmalarini real ish o‘rinlari bilan bog‘lashdan iborat. 2030-yilgacha belgilangan 500 mingta qo‘shimcha ish o‘rni maqsadiga erishish esa yangi yo‘nalishlarning rivojlanishi, ta’lim sifati va xususiy sektor bilan hamkorlikka bog‘liq bo‘ladi.















