Sun’iy intellekt kompaniyalari odatda o’z reklamalarida yangi funksiyalar, unumdorlik va texnologiyaning qulay tomonlarini namoyish etadi. Biroq Claude AI yaratuvchisi Anthropic bu safar odatiy yondashuvdan voz kechdi.
Kompaniya «There’s Hope in Hard Questions« («Qiyin savollarda ham umid bor») nomli yangi reklama roligini taqdim etdi. Unda AI’ning imkoniyatlari emas, balki odamlarni tashvishga solayotgan savollar markazga qo’yilgan. Reklama yonayotgan uy, yuzni aniqlash kameralarida kuzatilayotgan odamlar, qabriston, laboratoriyalar va ulkan data markazlari kabi bezovta qiluvchi tasvirlar bilan boshlanadi. Shu bilan birga, ovoz ortidan «AI’ga ishonish mumkinmi?», «Zarurat tug’ilsa, uni kim to’xtatadi?» kabi savollar yangraydi.
Reklama e’lon qilinganidan so’ng internetda turli fikrlar paydo bo’ldi. Ko’plab foydalanuvchilar uni «qo’rqinchli», «distopik» va «bezovta qiluvchi» deb baholadi. Ayrimlar esa dastlab bu rasmiy reklama emas, balki parodiya yoki satira deb o’ylaganini yozdi. Ularning fikricha, reklama AI’ga bo’lgan ishonchni oshirish o’rniga, mavjud xavotirlarni yanada kuchaytiradi.
Munozaraga OpenAI bosh direktori Sam Altman ham qo’shildi. U X (sobiq Twitter) platformasida reklama haqida: «Men buni satira deb o’yladim», deb yozdi. Uning izohi qisqa bo’lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va reklama atrofidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.
Shunga qaramay, reklama faqat tanqid qilinmadi. Ba’zi tomoshabinlar uni AI haqida suratga olingan eng samimiy reklamalardan biri deb baholadi. Ularning fikricha, sun’iy intellektning faqat ijobiy tomonlarini emas, balki jamiyatni o’ylantirayotgan murakkab savollarni ham ochiq muhokama qilish muhim.
Mazkur rolik Anthropic’ning Hard Questions tashabbusining bir qismi hisoblanadi. Kompaniya AQSh bo’ylab turli insonlar bilan AI mavzusida suhbatlar o’tkazib, ularning umidlari va xavotirlarini jamlagan. Reklama aynan shu haqiqiy fikr va savollardan ilhomlangan.
Anthropic bu safar mahsulotini reklama qilish o’rniga, AI atrofidagi bahslarni reklamaning markaziga olib chiqdi. Natijada rolik internetda keskin munozaralarga sabab bo’ldi. Kimdir uni muvaffaqiyatli marketing deb baholayotgan bo’lsa, boshqalar AI kompaniyasi odamlarni ishontirish o’rniga yanada xavotirga solayotganini ta’kidlamoqda.













