O‘zbekistonning milliy to‘lov tizimi Humo Fransiyaning IDEMIA Secure Transactions kompaniyasi bilan hamkorlikda yagona tokenizatsiya platformasini yaratish ustida ishlamoqda. Ushbu loyiha Humo kartalarini xalqaro raqamli to‘lov ekotizimlariga integratsiya qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda.
Tokenizatsiya nima?
Tokenizatsiya — bu bank kartasi ma’lumotlarini maxsus raqamli token bilan almashtiradigan xavfsizlik texnologiyasi. Natijada to‘lov amalga oshirilayotganda foydalanuvchining haqiqiy karta rekvizitlari uzatilmaydi, bu esa tranzaksiyalarni yanada xavfsiz qiladi.
Mazkur texnologiya Apple Pay, Google Pay, Samsung Pay va boshqa zamonaviy raqamli hamyonlar faoliyatining asosini tashkil etadi. Bugungi kunda Humo kartalari orqali:
- Alipay+ tarmog‘i orqali 50 dan ortiq mamlakatda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin;
- Qozog‘istondagi Halyk Bank terminallarida foydalanish imkoniyati mavjud;
- Qirg‘izistonning Elkart to‘lov tizimi bilan integratsiya yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi tokenizatsiya platformasi ushbu xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi integratsiyalarni tezroq amalga oshirish imkonini beradi.
Platforma ishga tushirilgach, O‘zbekiston banklariga har bir xalqaro to‘lov xizmati bilan alohida texnik integratsiya yaratishga hojat qolmaydi. Barcha ulanishlar Humo’ning yagona infratuzilmasi orqali amalga oshiriladi. Bu esa yangi xizmatlarni joriy etish muddatini qisqartirib, xarajatlarni kamaytiradi.
Loyihaning eng muhim natijalaridan biri Humo kartalarini kelajakda Apple Pay, Google Pay, Samsung Pay va boshqa xalqaro mobil hamyonlarga ulash imkoniyatining yaratilishidir.
Shuningdek, platforma O‘zbekistonda chiqarilgan Humo kartalaridan xorijiy mobil ilovalar, internet-servislar va xalqaro raqamli to‘lov platformalarida foydalanishni ham osonlashtiradi.
IDEMIA shu kabi loyihalarni boshqa mamlakatlarda ham amalga oshirib kelmoqda. Masalan, Vyetnam milliy to‘lov tizimi NAPAS aynan IDEMIA tokenizatsiya platformasi yordamida mahalliy kartalarni Apple Pay, bank hamyonlari va boshqa raqamli to‘lov ilovalari bilan integratsiya qilmoqda.
Malayziyada esa IDEMIA texnologiyasi milliy MyDebit kartalarini xalqaro mobil hamyonlarga ulash jarayonida qo‘llanilgan.
Bu tajribalar tokenizatsiya platformalari milliy to‘lov tizimlarini global moliyaviy infratuzilma bilan bog‘lashda muhim rol o‘ynayotganini ko‘rsatadi.













