Canva Create 2026 tadbirida kompaniya professional dizaynerlar, marketologlar va kontent yaratuvchilar uchun mo’ljallangan bir qator yangi mahsulot va funksiyalarni e’lon qildi. Yangilanishlar orasida Canva AI 2.0 ekotizimining kengayishi, Affinity integratsiyasi hamda Canva Code 2.0‘ning barcha foydalanuvchilar uchun ochilishi o’rin oldi.
Canva 2025-yilda sotib olgan Affinity dasturlari bilan integratsiyani kengaytirdi. Endilikda Affinity Designer, Photo va Publisher’da yaratilgan fayllarni Canva Brand System bilan bog’lash mumkin. Bu esa dizaynerlarga professional grafikalar va brend materiallarini Canva ichida boshqarish imkonini beradi. Shuningdek, professional animatsiya vositasi Cavalry Canva foydalanuvchilari uchun bepul bo’ldi, Affinity esa Claude bilan integratsiyalashib, ayrim takrorlanuvchi ishlarni sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirish imkoniyatini qo’lga kiritdi. Bundan tashqari, Capture One va DaVinci Resolve bilan ham yangi integratsiyalar taqdim etildi.
Kompaniyaning yana bir yangiligi — Canva Code 2.0. Endilikda ushbu vosita barcha Canva foydalanuvchilari, jumladan bepul tarifdan foydalanayotganlar uchun ham ochildi.
Canva Code 2.0 foydalanuvchilarga oddiy matnli tavsif orqali veb-saytlar, landing page’lar, kichik ilovalar va interaktiv loyihalarni yaratish imkonini beradi. Yaratilgan loyiha oddiy kod sifatida qolmaydi — uni Canva muharriri ichida boshqa dizayn elementlari kabi tahrirlash mumkin.
Yangi versiya 50 dan ortiq tayyor shablonlarni, HTML fayllarini import qilish imkoniyatini, real vaqt rejimidagi hamkorlikni va tayyor loyihalarni to’g’ridan-to’g’ri internetga joylash funksiyasini ham o’z ichiga oladi. Bu foydalanuvchilarga boshqa AI vositalarida yaratilgan HTML loyihalarni Canva’ga olib kirib, vizual muharrir orqali davom ettirish imkonini beradi.
Canva’ning ta’kidlashicha, Code 2.0 dasturchilar uchun kod muharriri o’rnini bosishni emas, balki kod yozishni bilmaydigan foydalanuvchilarga ham interaktiv mahsulotlar yaratish imkonini berishni maqsad qilgan. Shu sabab vosita taqdimotlar, ta’lim materiallari, marketing sahifalari va oddiy veb-ilovalarni yaratishga yo’naltirilgan.
Yangi funksiyalar Canva platformasining imkoniyatlarini faqat grafik dizayn bilan cheklab qolmay, veb-kontent, interaktiv tajribalar va kreativ ish jarayonlarini ham bitta platformada boshqarishga qaratilgan.













