Silk Road Finance & Technology Forum doirasida IT Park Ventures kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish yechimlarini rivojlantirayotgan O‘zbekistonning DOMO startapiga investitsiya kiritganini e’lon qildi.
DOMO kommunal to‘lovlarni yagona raqamli muhitda birlashtiradi. Foydalanuvchilar kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari, iste’mol va xarajatlarni kuzatib borishlari, bir nechta obyektlarni ulashlari hamda avtomatik to‘lovlarni sozlashlari mumkin. Shuningdek, mahsulotda iste’molni tahlil qilish va xarajatlarni boshqarish vositalari ham mavjud.
Bugungi kunda DOMO’da 2,3 milliondan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Servisning oylik faol auditoriyasi (MAU) 1,5 million foydalanuvchini, kunlik faol auditoriyasi (DAU) esa qariyb 700 ming foydalanuvchini tashkil etadi.
Jalb qilingan investitsiyalarni mahsulotni yanada rivojlantirish va biznesni kengaytirishga, jumladan, faoliyat geografiyasini kengaytirish, savdo va hamkorlik tarmog‘ini rivojlantirish, marketing, jamoani kuchaytirish hamda IT-infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
«Biz DOMO’ning kuchli texnologik bazasi va kengayish salohiyatini yuqori baholaymiz. Hozirda jamoa HomeTech yo‘nalishini faol rivojlantirmoqda — bu foydali yechimlar yaratish uchun hali katta imkoniyatlar mavjud bo‘lgan istiqbolli soha. Biz jamoaga ishonamiz va hamkorligimiz ularning yanada ishonchli qadamlar bilan oldinga siljishiga yordam beradi, deb umid qilamiz», — dedi IT Park Ventures direktori Dalerkhon Nodirov.
«DOMO har kuni minglab oilalar uchun kommunal xizmatlar to‘lovlarini amalga oshirish jarayonini soddalashtiradi. IT Park Ventures bilan hamkorlik xizmatimizni yanada tezkor, qulay va ko‘proq foydalanuvchilar uchun ochiq qilish imkonini beradi. Investitsiya bizga yangi imkoniyatlar yaratish bilan birga, mas’uliyatimizni ham oshiradi», — dedi DOMO asoschisi Alisher Tojiyev.
Ushbu bitim IT Park Ventures’ning investitsion faoliyati va fondning O‘zbekistondagi texnologik loyihalar bilan olib borayotgan ishlarining yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.

















