Turkiya va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan egaranti startapi Series A oldi investitsiya raundida $1,1 mln jalb qildi. Raundda Hedef Holding, AloqaVentures, Techpoint va uch nafar farishta investor ishtirok etdi.
2021-yilda Kamil Kınacı va Sinan Peksoy tomonidan asos solingan egaranti brendlarga kafolat talonlari, qo‘shimcha kafolat va sotuvdan keyingi xizmatlarni raqamli infratuzilma orqali boshqarish imkonini beradi. Kompaniya shu vaqtgacha 8 mln dan ortiq kafolat talonini raqamlashtirgan va 2,5 mln iste’molchiga yetib borgan.
Yangi investitsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri — O‘zbekistondagi biznesni kengaytirish. Kompaniya hozirda o‘z modelini Artel do‘konlarida qo‘llamoqda.
egaranti keyingi bosqichda O‘zbekistondagi faoliyatini kuchaytirish bilan birga Qozog‘iston va Ozarbayjon bozorlariga ham chiqishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bu ikki bozorda infratuzilmani bir vaqtning o‘zida yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Startapning Turkiyadagi ko‘lami ham kengayib bormoqda. Hozir 190 dan ortiq brend egaranti infratuzilmasidan foydalanadi, qo‘shimcha kafolat paketlari esa 200 dan ortiq savdo nuqtasida mavjud. Kompaniya oyiga 10 mingdan ortiq paket sotmoqda. Kelgusi yil uchun maqsad — savdo nuqtalari sonini 1 000 tadan oshirish.
egaranti dastlab brendlar uchun kafolat va sotuvdan keyingi jarayonlarni raqamlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, kompaniya endi iste’molchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash modeliga ham o‘tmoqda.
Turkiyada yangi mobil ilova ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Unda foydalanuvchilar qo‘shimcha kafolat va xizmat paketlarini sotib olishi, mahsulotlari, kafolatlari va sug‘urta jarayonlarini bitta platformadan boshqarishi mumkin bo‘ladi.
Shu tariqa kompaniya faqat brendlar uchun B2B infratuzilma taqdim etish bilan cheklanmay, yakuniy iste’molchi bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashni boshlamoqda. Yangi investitsiya esa kompaniyaning keyingi bosqichiga — Turkiyadagi o‘sishni davom ettirish, O‘zbekistondagi mavjud faoliyatni kengaytirish va Markaziy Osiyo hamda Kavkaz bozorlariga kirishga xizmat qiladi. Kompaniya mazkur raundni Series A bosqichidan oldingi so‘nggi tayyorgarlik sifatida ko‘rmoqda.

















