Qoraqalpog‘istonda 2027-yilda $5 mlrd investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda 19-sentabr kuni Nukusda o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Investitsiyalar xomashyoni tayyor mahsulot va eksportgacha bo‘lgan zanjirni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Jumladan, to‘qimachilik va charm sanoatiga $150 mln, elektrotexnikaga $200 mln, energiya tejamkor qurilish materiallariga $100 mln va avtomobil ehtiyot qismlariga $120 mlnlik loyihalar rejalashtirilgan. Farmatsevtikaga esa kamida $50 mln yo‘naltiriladi.
Qoraqalpog‘istonning investitsiya rejasi faqat sanoat bilan cheklanmaydi. Taxtako‘pir tumanida Italiyaning Bonifica Ferrarizi kompaniyasi bilan $50 mlnlik agrokompleks tashkil etilib, 2 ming gektarda pomidor va don yetishtirish, ularni chuqur qayta ishlash va Yevropaga eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Hududda AI va data-markazlar uchun maxsus zona ham tashkil etilmoqda. Bu yo‘nalishda umumiy qiymati $8 mlrd bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirilishi, uch yil ichida 1 500 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi va AI hamda bulutli texnologiyalar eksportini yiliga $600 mln ga yetkazish maqsad qilingan.
Yangi loyihalar fonida Qoraqalpog‘istanga so‘nggi to‘qqiz yilda $5 mlrddan ortiq investitsiya kiritilgan. 2025-yilda hudud $1,7 mlrd investitsiya jalb qilgan, bu 2021-yilga nisbatan 22 baravar ko‘p.
2027-yilgi maqsad doirasida har bir tumanda investitsiya loyihalari taqdimotlarini o‘tkazish va 2–3 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni jalb qilish topshirilgan.













