2025-yil kuzida Toshkent havosining sifati yana kun tartibiga chiqdi. Noyabr oyida shaharda PM2.5 — diametri 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan mayda zarrachalar miqdori bir necha bor belgilangan me’yordan oshdi.
20-noyabr kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra Toshkentda PM2.5 miqdori 202 mkg/m³ni tashkil qilgan. Bu 60 mkg/m³ etib belgilangan ruxsat etilgan soatlik ko‘rsatkichdan 3,4 baravar yuqori edi. O‘sha kuni O‘zgidromet aholiga ochiq havodagi faoliyatni cheklashni tavsiya qilgan. Muammo faqat bitta kun bilan cheklanmagan. 11-noyabr kuni Toshkentda PM2.5 miqdori 143 mkg/m³ga yetgan — bu me’yordan 2,4 baravar yuqori ko‘rsatkich edi.
IQAir’ning 2025-yil bo‘yicha ma’lumotlarida ham Toshkentda havo ifloslanishining eng yuqori darajasi noyabr oyida qayd etilgan: shaharning o‘rtacha PM2.5 ko‘rsatkichi 75,5 mkg/m³ bo‘lgan.
Bunday vaziyatda daraxt ekishning o‘zi yetarlimi, degan masala ko‘kalamzorlashtirish siyosatining boshqa tomonini — qayerga, qanday daraxtni va qanday sharoitda ekish kerakligini — oldinga chiqaradi.
2026-yil 23-sentabrda qabul qilingan PF-206-son Prezident farmonida tajriba tariqasida Yashil AI assistenti modelini ishga tushirish belgilangan.
U oddiy AI-chatbot emas. Tizim yerning bonitet bali, tuproq turi, suv ta’minoti, iqlim sharoiti, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va dala kuzatuvlarini birlashtirib, ko‘kalamzorlashtirish uchun maqbul hududlarni aniqlashi kerak. Model hududning sharoitiga qarab:
- qaysi daraxt va buta turlarini ekish;
- qancha ko‘chat kerakligi;
- ularni qanday sxemada joylashtirish;
- qachon ekish;
- qanday sug‘orish va parvarish qilish
bo‘yicha tavsiyalar shakllantiradi. Shuningdek, suv tanqisligi, ko‘chatlarning qurib qolishi va kasalliklar kabi xavflarni xaritada ko‘rsatish, mas’ullarni ogohlantirish va natijalarni monitoring qilish ham tizim vazifalariga kiradi.
Ya’ni yondashuv «qancha ko‘p daraxt eksak, shuncha yaxshi» tamoyilidan ko‘ra, «qayerga qanday daraxt eksak, u uzoq muddat yashab qoladi?» degan masalaga yaqinlashmoqda.
Yangi farmonga ko‘ra, har yili tabiiy ravishda yashillik darajasi eng past bo‘lgan 14 ta tuman va shaharning yashil dasturlarini amalga oshirish uchun Jamg‘arma mablag‘laridan 100 mlrd so‘mgacha yo‘naltiriladi. Bu mablag‘ faqat daraxt ekishga emas, ularni saqlash va parvarish qilish tizimiga ham bog‘langan. Bu muhim jihat, chunki ko‘kalamzorlashtirishdagi natija ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, ularning keyingi yashovchanligi bilan ham o‘lchanadi.
2027-yil 1-yanvardan «Yashil lot» tizimini joriy etish ham rejalashtirilgan. U orqali fuqarolar va tashkilotlarga yashil bog‘lar yaratish uchun yer uchastkalari ajratiladi. Biroq bu yerlar mulk sifatida berilmaydi: ularda qurilish va boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish taqiqlanadi, hududdan aholining umumiy foydalanishi cheklanmaydi.
Shunday qilib, biznes yoki jamoatchilik tomonidan yaratilgan bog‘ shunchaki xususiy hududga aylanib qolmasligi uchun undan foydalanish shartlari ham belgilanmoqda.
2026-yil mart oyidagi boshqa Prezident farmonida O‘zbekistonning umumiy yashillik darajasini 2030-yilgacha 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish va aholi jon boshiga yashil hududlarni 9–10 kvadrat metrgacha yetkazish maqsadi belgilangan. Hujjatda PM2.5 va PM10 kabi zararli zarrachalar konsentratsiyasini 20–25 foizga kamaytirish maqsadi ham qayd etilgan.
Bu yerda Yashil AI’ning vazifasi ancha tushunarli bo‘ladi: tizimning asosiy qiymati daraxtlar sonini ko‘paytirishda emas, mavjud mablag‘ va hududlardan qaysi joyda qanday ekologik natija olish mumkinligini aniqroq hisoblashda bo‘lishi kerak.
Toshkentning 2025-yildagi havo sifati bo‘yicha ko‘rsatkichlari esa bunday tizimga bo‘lgan ehtiyojning fonini ko‘rsatib turibdi. Endi ko‘kalamzorlashtirishda asosiy savol faqat nechta ko‘chat ekilgani emas, balki ular qayerda ekilgani, qancha yashab qolgani va shahar ekologiyasiga qanday ta’sir qilgani bo‘ladi.













