Anthropic kundalik amaliy vazifalar, dasturlash va AI agentlar bilan ishlashga mo‘ljallangan yangi Claude Sonnet 5.5 modelini taqdim etdi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Sonnet 5.5 avvalgi Sonnet 5 modeliga nisbatan 30% tezroq ishlaydi va ko‘plab vazifalarda xarajatlarni 30% gacha kamaytirishi mumkin. Yangi model koddagi xatolarni tuzatish, hujjatlar va jadvallar bilan ishlash hamda bir nechta bosqichdan iborat vazifalarni AI agentlar orqali bajarishga moslashtirilgan.
Eng katta o‘zgarishlardan biri dasturlash va agentlik vazifalarida kuzatilmoqda. Terminal-Bench 4.0 testida Sonnet 5.5 70,6% natija qayd etdi. Taqqoslash uchun, avvalgi Sonnet 5 modeli ushbu testda 10,3% natija ko‘rsatgan. Yangi model murakkab vazifalarda bir nechta vositalarni bir vaqtning o‘zida chaqira oladi, bu esa kerakli oraliq bosqichlar sonini kamaytiradi.
Anthropic model narxini o‘zgartirmadi. API orqali foydalanishda 1 mln kirish tokeni $2, chiqish tokenlari esa $10 turadi. Keshdan o‘qish narxi 1 mln token uchun $0,20 etib belgilangan. Shu bilan birga, Sonnet 5.5 bir xil vazifalarni bajarishda kamroq token sarflashi sababli ayrim holatlarda umumiy xarajatni kamaytirishi mumkin.
Xavfsizlik bo‘yicha ham yangi modelga qo‘shimcha himoya choralari kiritilgan. Anthropic kiberxavfsizlikka oid himoya tizimlarini Opus modellari darajasiga olib chiqqan va xavfli so‘rovlar uchun qo‘shimcha cheklovlarni joriy qilgan.
Claude Sonnet 5.5 hozirda Claude ilovalari hamda Anthropic’ning ishlab chiquvchilar platformasida foydalanish uchun mavjud. Oilaning ixcham modeli Claude Haiku 5.5 esa yaqin haftalarda taqdim etilishi kutilmoqda.

















