
Kecha bir do‘stim mahalliy do‘kondan Adidas kapyushoni deb o‘ylagan kiyimni sotib oldi. Dastlab meni hayratga solgan narsa uning arzimagan summadagi narxi bo‘ldi, lekin kiyimdagi yozuvini ko‘rgach tushundim. “Adidas” emas “Adibas” deb yozilgandi. Vaziyat bir tomondan kulgili, ikkinchidan Adidas qanchalik mashhur bo‘lib ketganiga kichik misol.
Muvaffaqiyat sari yo‘l
Adidas (brend nomi kichik harflarda “adidas” yoziladi) o‘z nomini asoschisi Adolf (“Adi”) Dasslerdan olgan. Birinchi jahon urushidan so‘ng Dassler oilasi poyabzal ishlab chiqarishni boshlagan. Kompaniya XXI asr boshlarida Yevropaning yetakchi sport kiyimlari ishlab chiqaruvchisiga va dunyoda Nike’dan keyingi ikkinchi yirik kompaniyaga aylandi. Brend uzoq yillar o‘zining uch chiziqli logotipi bilan tanilgan, shuningdek trefoil o‘simligi va tog‘ aks etgan logotiplaridan ham foydalaniladi. Kompaniya bosh qarorgohi Germaniyaning Herzogenaurax shahrida joylashgan.
1950-yillarda futbolchilar Adidas’ning yengil va vintli krossovkalarini kiya boshladi va kompaniya mashhurlikka erishdi. Keyin brend mahsulot turlari kengayib, 1963-yildan futbol to‘plari ishlab chiqara boshladi. Uch yildan so‘ng esa Adidas kiyim-kechak bozoriga kirdi. Kompaniya uzoq yillar sport poyabzallari sanoatida yetakchilik qildi, ammo 1970-yillarda raqobatchilar maydonga kela boshladi, ayniqsa Nike kabi yangi brendlarning paydo bo‘lishi bilan bozor keskinlashdi.

Adi Dassler 1978-yilda vafot etdi. “My Adidas” nomli mashhur qo‘shiqni yaratgan Run-D.M.C. rep guruhi bilan muhim hamkorlik shartnomasini tuzishga erishilgan bo‘lsa-da, brend o‘tgan asrning 80-yillarida iqtisodiy pasayishni boshdan kechirdi, 1986-yilda eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. 2016-yilda Adidas rassom va tadbirkor Kanye West bilan hamkorlik o‘rnatdi va qiyofasini yangiladi.
Kompaniyaning muvaffaqiyat yo‘lida ikki muhim voqeaning o‘rni beqiyos. Birinchisi amerikalik sportchi Jesse Ouens Adidas poyabzalida 1936-yilgi Berlin Olimpiadasida ishtirok etib to‘rtta oltin medal olganidir. Bu voqea brendni jahon miqyosida tanilishiga sabab bo‘ldi. Ikkinchi muhim voqea 1954-yilda Adidas poyabzalini kiygan Germaniya futbol terma jamoasi Jahon chempionati finalidagi tarixiy g‘alabasidir.
Adidas marketingga qancha mablag‘ sarflaydi?
Biznesda marketing muvaffaqiyatning asosiy ustuni bo‘lib Adidas uning ahamiyatini doimo tan olgan. Kompaniya marketing byudjeti COVID-19 pandemiyasidan oldingi yillarda sezilarli darajada o‘sib, 2019-yilda 3 milliard AQSh dollaridan oshdi. 2020-yilda kompaniya umumiy xarajatlarini 670 million dollardan ko‘proqqa kamaytirgan bo‘lsa-da, 2021-yilda marketing xarajatlarini 2,5 milliard dollargacha ko‘tardi.
Bu xarajatlar do‘kon ichidagi reklama va do‘kon jihozlaridan tortib, homiylik shartnomalari, ommaviy axborot vositalari orqali reklama va tadbirlar kabi keng qamrovli tashabbuslarni o‘z ichiga oladi. Strategiya o‘z natijasini berayotganga o‘xshaydi, chunki Adidas brendining qiymati 2016-yildan 2020-yilga kelib uch barobardan oshdi va 16,48 milliard AQSh dollariga yetdi. Ayniqsa, Adidas’ning 2018-yildagi “Originali hech qachon tugamaydi” kampaniyasi o‘sha yilning dunyodagi eng samarali reklama kampaniyalaridan biri sifatida tan olindi. Biroq, yutuqlarga qaramay, 2021-yilda Adidas brendining qiymati 2 milliard dollardan ko‘proqqa tushib ketdi.
“Imkonsiz narsa yo‘q” ekanini isbotlagan reklama
Bir nechta mashhur reklama kampaniyalari bilan samarali ishlash natijasida Adidas o‘zining “Imkonsiz narsa yo‘q” degan shiorini mustahkamladi. Ulardan ayrimlarini yodga olsak:
- “Bor kuchni sarflash yoki hech narsa” kampaniyasi
Adidas’ning bugungi kunga qadar eng qimmat media kampaniyasi bo‘lgan ushbu tashabbusi markazida “Leo Messining Jahon chempionati orzusi” nomli televizion reklama roligi turadi. Leo Messi, Dani Alves va Luis Suarez kabi global brend elchilari ishtirok etgan kampaniyada Kanye Westning musiqasi ham jaranglaydi.
Ushbu targ‘ibotning samarasi haqida to‘xtalar ekan “Biz dunyoning eng katta voqeasidan unumli foydalandik” deydi Adidas Football kompaniyasining global brend marketing direktori Tom Ramsden.

Adidas’ning marketing strategiyasida Jahon kubogi muhim o‘rin tutadi, chunki futbol kiyimlari sanoatida kompaniyaning asosiy raqibi Nike’ning ustunligi o‘sib bormoqda, bunga esa qarshi kurashmoq kerak.
- Imkonsiz narsa yo‘q
Adidas’ning eng mashhur kampaniyalaridan biri bo‘lgan “Imkonsiz narsa yo‘q” tashabbusi Amsterdamdagi 180/TBWA tomonidan San-Fransiskodagi TBWAChiatDay hissasi bilan yaratilgan. Kampaniyada futbol afsonasi Devid Bekxem va boks bo‘yicha jahon chempioni Muhammad Ali kabi sport yulduzlari ishtirok etgan.
Kampaniya inklyuziv marketingga qaratilgan bo‘lib, unda dunyoning turli burchaklaridan kelgan sportchilar va boshqa taniqli shaxslarning muvaffaqiyatga erishish yo‘llarini ko‘rsatuvchi shaxsiy hujjatli videolar namoyish etilgan. Reklamani ajratib turadigan jihat uning xilma-xilligi bo‘lib, u turli xil sport turlari, jins, irq va madaniyatlarni qamrab olgan.
- Butunlay Adidas
Bu reklama kampaniyasi brendning turli sport turlari, madaniyatlar bo‘yicha global ishtirokini ta’kidlash uchun yaratilgan. Unda futbolchilar Lionel Messi va Devid Bekxem, NBA yulduzi Derrik Rouz va musiqa yulduzi Keti Perri kabi mashhur shaxslar ishtirok etgan.
Adidas “noqulay” raqobatchilar
Hozirgi mavqeyiga erishish uchun Adidas muntazam ravishda yangi muammolar va raqiblar paydo bo‘ladigan yuqori raqobatli bozorda faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya o‘z tarixida bir nechta kuchli raqoblarga duch keldi. Ularning asosiylarini ko‘rib chiqamiz.

- Nike: Nike dunyo bo‘yicha yetakchi poyabzal, kiyim-kechak brendi bo‘lib, Adidas’ning bevosita va kuchli raqobatchisidir. Nike va Adidas raqobati butun dunyo iste’molchilari orasida cheksiz bahslarga sabab bo‘lgan. Nike’ning mukammallikka intilishi Adidas’ni uzluksiz innovatsiyalar yaratishga undab, yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga majbur qilmoqda.
- Puma: Puma – Adidasning yana bir taniqli raqobatchisidir. Raqobatning tarixi ham chuqur va juda qiziq. Chuki ikkala brend ham dastlab aka-uka Rudolf va Adolf Dassler asos solgan Gebrüder Dassler Schuhfabrik kompaniyasining bir qismi bo‘lgan. Biroq, ularning keskinlashgan munosabatlari kompaniyaning bo‘linishiga olib keldi. Natijada ikkita alohida korxona: Adidas va Puma tashkil topdi. Bugungi kunda Puma sport kiyimlari bozorida Adidas bilan raqobatlashishni davom etmoqda.
- New Balance: AQSh va Buyuk Britaniyada ishlab chiqarish bazalariga ega bo‘lgan mashhur Amerika korporatsiyasi New Balance Adidas’ning kuchli raqobatchilaridan. Yuqori narxli mahsulotlari bilan tanilgan New Balance qimmat narxlarini texnologik integratsiya bilan oqlaydi. Bu brend iste’molchilari juda sodiq bo‘lib, ayniqsa AQSh va Buyuk Britaniyadagi xaridorlar yuqori sifatli mahsulotlarni afzal ko‘radi. New Balance Adidas uchun bir necha yo‘nalishda jiddiy raqobatni keltirib chiqarmoqda.
- FILA: FILA – Janubiy Koreyaning sport brendi bo‘lib, sport va dam olish uchun poyabzal va kiyim-kechak ishlab chiqaradi. U o‘rta sinf iste’molchilariga mo‘ljallangan. Brend turli homiyliklar, jumladan Avstraliya kriket jamoasi hamda Koreya milliy futbol jamoasini qo‘llab-quvvatlash orqali mustahkam obro‘ga ega. Brendning ijtimoiy loyihalari va sport elchilari ro‘yxati Adidas uchun katta “boshog‘riq” bo‘lmoqda.
- Under Armour: 1996-yilda tashkil etilgan Under Armour qisqa muddatda sport kiyimlari bozorining yetakchi ishtirokchisiga aylandi. Poyabzal, yuqori sifatli kiyimlari bilan tanilgan bu brend turli yoshdagi sportchilar, faol hayot tarzini olib boruvchi insonlarga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya daromadining 66 foizini kiyim-kechaklar tashkil etishi va brendning Shimoliy Amerikadagi kuchli mavqei Adidas uchun jiddiy “signal”.
Adidas tarixidagi munozaralar
Ko‘plab muvaffaqiyatli kompaniyalar singari, Adidasning yo‘li ham “past-palandliklar”dan xoli bo‘lmagan. Brend tarixidagi ikkita muhim bahslarni yodga olsak:
1. “Kishanbandli poyabzal” bahsi
2012-yilda Adidas o‘zining odatiy nafis va sport uslublaridan farq qiladigan poyabzal dizaynini taqdim etishga harakat qildi. JS Roundhouse Mids e’tiborni tortadigan dizayn elementiga ega edi – poyabzalni kiygach to‘piqqa zanjir bilan biriktiradigan sariq rezina kishanband. “Krossovka o‘yiningiz shunchalik qiziqki, poyabzalingizni to‘piqlaringizga qulflab qo‘yasizmi?” degan reklama shiori, ayniqsa qullikning og‘riqli tarixi bo‘lgan mamlakatda qattiq norozilikka sabab bo‘ldi. Fuqarolik huquqlari yetakchilari, jumladan, ruhoniy Jessi Jekson poyabzalni qoralab, u qullik xotiralarini uyg‘otishini ta’kidladi. Jamoatchilik noroziligiga javoban Adidas tezda uzr so‘radi va mahsulotni ishlab chiqarishni to‘xtatdi.
1. SSSR mavzusidagi Adidas mahsulotlari
2018-yilda Adidas Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati oldidan SSSR uchun bir qancha mahsulotlar chiqardi. Biroq, sovet ramzlarini aks ettiruvchi mahsulotlarni sotish qarori sobiq SSSR davlatlari tomonidan qattiq norozilik bilan kutib olindi. Litva kabi mamlakatlar o‘z hayratini bildirdi, Tashqi ishlar vazirligi esa mahsulotlar haqida kinoyali tvit yozdi. Tarmoq foydalanuvchilarning ayrimlari Adidas qachondir fashist belgilari tushirilgan formalarni chiqarishni o‘ylab ko‘radimi yoki yo‘qmi, deya ritorik savollar bergan.
Muvaffaqiyatli hamkorlar
Adidas hamisha mahsulotlarini yuksaltirish uchun brendlar va mashhur shaxslar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Adidas Yeezy hamkorligi
Adidas o‘zining eng muhim sherikliklari sifatida hip-hop yulduzlarini tanlagan. Kanye West bilan birgalikda ishlab chiqarilgan mashhur Yeezy brendli poyabzallar buning yorqin misolidir. Pharrell Williams, Pusha-T va Missy Elliott kabi san’atkorlar bilan hamkorliklardan tashqari, Adidasning hip-hop madaniyatiga ta’siri 1980-yillarga borib taqaladi. Adidas’ning sport kostyumlari hamda Superstar poyabzallarini mashhur qilgan nufuzli Run-D.M.C. guruhi o‘rtasidagi hamkorlik katta samara berdi. 1986-yildagi “My Adidas” hit qo‘shig‘i kelishuvning cho‘qqisi bo‘ldi.
Brendning eng mashhur poyabzal modellariga Adidas Samba, Stan Smith va klassik chig‘anoq burunli Superstar kiradi.
Manchester United bilan hamkorlik
2014-yil iyul oyida Adidas nufuzli Manchester United futbol klubi bilan o‘n yillik kiyim-kechak shartnomasi tuzdi. 750 million funt sterling (taxminan 1,29 milliard AQSh dollari) kafolatlangan bu shartnoma sport tarixidagi eng daromadli kiyim-kechak kelishuvi bo‘ldi. Ushbu kelishuv natijasida Nike’ning klub rasmiy yetkazib beruvchisi sifatidagi o‘rnini Adidas egalladi.
Adidas 2009-yil noyabrida tennis bo‘yicha sobiq jahon chempioni Andy Murray bilan ham shartnoma imzoladi. Besh yillik va taxminan 24,5 million dollar qiymatidagi shartnoma Murrayni Adidasning eng ko‘p haq oladigan sportchisiga aylantirdi. Shuningdek, kompaniya ATP turnirida to‘p uzatuvchi bolalar va qizlar formalariga homiylik qildi. Brend, shuningdek, Malibu Tennis Camp, Green Fitness GmbH va Scho‘ler & Micke Sportartikel Vertriebs GmbH kabi tashkilotlar bilan ham hamkorlik o‘rnatgan.
Rejalar
Adidas ayollar faol kiyimi va sport poyabzaliga e’tiborini sezilarli darajada kuchaytirmoqda. Kompaniya innovatsion yangi mahsulotlar va maqsadli marketing strategiyalari orqali sportda ayollarga ko‘proq resurslar ajratishga va’da bergan.
2021-yil Adidas ayollar hayz davrida sport bilan shug‘ullanishni to‘xtatishlari muammosini hal qilishga qaratilgan “Stay in Play” gegenik-chidamli kiyimlar to‘plamini ishga tushirdi. Bundan tashqari, kompaniya ayollar oyoqlari tuzilishiga moslashtirilgan Adidas Ultra Boost krossovkasini taqdim etdi. Kompaniya ushbu tashabbusni ayollar ayollar uchun yaratganini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda brend butun dunyo bo‘ylab eng yaxshi sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Adidas’ning barqarorlik maqsadlari
Adidas allaqachon plastik chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘ygan. Kompaniya 2025-yilga kelib mahsulotlarida faqat qayta ishlangan poliesterdan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Chidamlilikni ta’kidlaydigan Adidas-Terrex jamoasi allaqachon eng og‘ir sharoitlarda jihozlarni sinovdan o‘tkazish uchun ekstremal sportchilar bilan hamkorlik rejasini ishlab chiqqan. Muzliklardan ilhomlangan ushbu mahsulotlar oq, ko‘k va jigarrang-qizil kabi rang kombinatsiyalarini o‘z ichiga oladi.

Uch halqali strategiya
Adidas kelajakda mahsulotlar barqarorligini ta’minlash uchun o‘zining “Uch halqali strategiyasi”ni ishlab chiqdi:
- Qayta ishlov berish halqasi: yangi plastikni qayta ishlangan plastik bilan almashtirish.
- Aylanma halqa: ishlatilgandan so‘ng qayta ishlash mumkin bo‘lgan mahsulotlar yaratish.
- Qayta tiklanuvchi halqa: hayot sikli oxirida tabiatga qaytishi mumkin bo‘lgan hujayra yoki oqsil kabi tabiiy materiallardan mahsulotlar yaratish.
Hozirda jarayon boshlang‘ich bosqichda bo‘lib, aylanma halqali anorak kabi prototiplar allaqachon mavjud. Adidas qayta tiklanuvchi halqani rivojlantirish ustida faol ishlamoqda va kompaniya 2050-yilga kelib iqlim neytralligiga erishish istagida.

Adidas nafaqat barqaror mahsulotlar yaratishga, balki iste’molchilar orasida barqaror turmush tarzini shakllantirishga ham sodiq. Kompaniyaning mashhur tashabbuslardan biri Adidas yuguruvchilar hamjamiyati bo‘lib, u bir nechta shaharlarda yugurish guruhlariga mezbonlik qiladi. Hamjamiyat asosiy e’tiborni shaxsiy rivojlanishga qaratadi va taraqqiyot faqat rekordlar o‘rnatishdan iborat emasligini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, Adidas Infinite Trails kabi tadbirlarni tashkil etadi. Bu tadbirlar ishtirokchilarni chidamlilik sinovlarida qatnashishga va imkoniyatlarini kengaytirishga undaydi.
Tayyorladi: Zuhraxon Mansurova
Fikr bildirish