
Builder.ai (avvalgi nomi — Engineer.ai) 2016-yilda hindistonlik tadbirkor Sachin Dev Duggal tomonidan asos solingan. Kompaniya o‘zini sun’iy intellekt yordamida mobil ilovalarni avtomatik yaratib beradigan platforma sifatida tanitdi. Shiori oddiy va jozibador edi:
«Ilova yasash — pitsaga buyurtma bergandek oson!»
Ushbu yondashuv investorlarni darhol jalb qildi.
Yuksalish: AI revolyutsiyasi investorlarni hayratda qoldiradi
2019-yildan boshlab kompaniya AI yordamida kod yozish, dizayn va dastur tuzishni avtomatlashtirishga qaratilgan “Natasha” nomli tizimini tanishtirdi. Bu — startap dunyosida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
2023-yilda yirik sarmoyalar oqimi
Builder.ai 2023-yilda $230 million miqdorida sarmoya to‘pladi. Investorlar safida:
- Microsoft – Azure ekotizimiga integratsiya qilish rejalari bilan;
- Qatar Investment Authority (QIA) – Qatarning suveren fondi;
- Insight Partners – global venchur sarmoya giganti;
Bu raund kompaniyani “unicorn” maqomiga olib chiqdi: qiymati $1 milliarddan oshdi.
Muammo AI o’rnida odamlar?
📰 2019: The Wall Street Journal fosh etgan haqiqat
AI yordamida ilova yaratish haqidagi da’volarga qaramay, WSJ hisobotida kompaniya asosan hind muhandislari yordamida qo‘lda kod yozayotganini aniqladi. Ya’ni, AI faqat marketing shiori bo‘lib, ishni odamlar bajarayotgan edi.
Kompaniya esa bu tanqidlarga qaramay, sun’iy intellekt narrativini davom ettirdi. Bu holat “AI washing” — ya’ni sun’iy intellekt bo‘lmagan joyda AI deb reklama qilish — tendensiyasiga yaqqol misol bo‘ldi.
Inqiroz: Sun’iy intellekt illyuziyasining qulab tushishi Moliyaviy manipulyatsiyalar
2025-yilda Bloomberg va boshqa nashrlar Builder.ai’ni “round-tripping” amaliyotida aybladi — bu shunday sxema bo‘lib, kompaniya xizmatni sotadi, keyin uni o‘zi qaytarib sotib olib, daromadni sun’iy ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, kompaniya:
- 2023-yilda $180 mln daromad ko‘rsatganini e’lon qilgan;
- Ammo 2025-yildagi mustaqil audit bu raqam aslida $45–55 mln atrofida bo‘lganini aniqladi.
Investorlar aldandimi?
Bu holat investorlar uchun ham, butun AI ekotizimi uchun ham og‘riqli xulosa berdi:
Texnologiya emas, bozor va marketing tili sarmoya jalb qilgan.
Boshqaruvdagi o‘zgarish va bankrotlik
- 2025-yil fevral: Asoschi Sachin Dev Duggal CEO lavozimidan ketdi (lekin “chief wizard” unvonini saqlab qoldi).
- O‘rniga Manpreet Ratia tayinlandi va kompaniya ichki auditni boshladi.
- May oyida kompaniya bankrotlik jarayonini e’lon qildi.
Asosiy oqibatlar:
- 1 000 nafarga yaqin xodim ishdan bo‘shatildi (80%);
- Kreditorlar $50 milliondan ortiq mablag‘ni musodara qildi;
- Kompaniya barcha bozorlarida (Buyuk Britaniya, AQSH, Hindiston, Singapur) faoliyatini to‘xtatdi;
Investorlar, jumladan Microsoft va QIA, katta zarar ko‘rdi.












