O‘zbekistonda islomiy banklar va islomiy darcha (Islamic window) faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi. Bu qaror mamlakatda shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy xizmatlar uchun huquqiy asos yaratadi. Yangi tartibga ko‘ra:
- islomiy banklar alohida litsenziya asosida faoliyat yuritadi;
- amaldagi tijorat banklari islomiy darchalarni ishga tushirishi mumkin;
- barcha islomiy bank operatsiyalari Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi hamda Shariat kengashlari tomonidan monitoring qilinadi.
An’anaviy bank tizimidan farqli ravishda, islomiy moliya foiz (riba) asosidagi kreditlashni taqiqlaydi va foyda hamda riskni taqsimlash tamoyiliga asoslanadi. Yangi tartib orqali murabaha, musharaka, mudaraba, ijara va istisna kabi shariatga mos moliyaviy instrumentlarni taklif qilish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda dunyodagi islomiy moliya aktivlari hajmi 4 trillion dollardan oshgan bo‘lib, bu moliya sektorining eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Tahlilchilarga ko‘ra, yaqin yillarda ushbu bozor o‘sishda davom etadi va hukumatlar hamda moliyaviy institutlarning e’tiborini yanada ko‘proq tortadi.
O‘zbekiston uchun bu yo‘nalish alohida ahamiyatga ega. Mamlakat aholisining 95 foizdan ortig‘i musulmonlar bo‘lgani sababli, shariat tamoyillariga mos moliyaviy mahsulotlarga bo‘lgan talab uzoq yillardan buyon yuqori deya baholanib kelinmoqda.
Markaziy bank rejasiga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekistonda 10 ta islomiy bank tashkil etilishi, shuningdek, 3 ta davlat bankida islomiy darchalar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi huquqiy baza nafaqat mahalliy mijozlar uchun yangi moliyaviy xizmatlarni yaratadi, balki O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi davlatlari, Malayziya va boshqa yirik islomiy moliya bozorlari bilan investitsiyaviy hamkorligini ham kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, yangi tartib:
- xorijiy islomiy banklarning O‘zbekiston bozoriga kirishini rag‘batlantiradi;
- sukuk kabi yangi moliyaviy instrumentlarni rivojlantirishga zamin yaratadi;
- startaplar hamda kichik va o‘rta biznes uchun muqobil moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Islomiy bank tizimining joriy etilishi O‘zbekiston moliya sektoridagi eng muhim islohotlardan biri bo‘lishi mumkin. Endi asosiy savol — mamlakatning shakllanayotgan islomiy moliya bozoriga birinchi bo‘lib qaysi mahalliy va xalqaro banklar kirib keladi?













