Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Unda startaplar ekotizimini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda kapital bozorini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Murojaatnomada qayd etilishicha, keyingi yildan “Raqamli startaplar” dasturi kengaytirilib, startap g‘oyasidan boshlab mahsulotni eksportgacha olib chiqishni qamrab oladigan yangi qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi. Xususan, xususiy startap markazlarini tashkil etish maqsadida Yoshlar jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan besh yil muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi belgilandi.



Rasmlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati materiallaridan olindi
Shuningdek, Markaziy bank huzurida Fintex ofisi va Innovatsion xab tashkil etilib, unga Singapurdan yetakchi mutaxassislar jalb qilinadi. Mazkur tashabbus natijasida har yili 15–20 ta fintex startapni xalqaro bozorlarga olib chiqish, shuningdek, ularga jami 1 milliard dollargacha investitsiya jalb etish imkoniyati yaratiladi. Umuman olganda, venchur fondlar, startaplar va fintex kabi zamonaviy moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish hamda ushbu sohadagi barcha ishtirokchilar huquqlarini qonun bilan kafolatlash zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Prezident parlamentni Hukumat bilan birgalikda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishga chaqirdi.
Murojaatnomada IT va sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish mamlakat kelajak taraqqiyotining muhim omili sifatida belgilandi. Davlat rahbari 2030-yilga borib IT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta maqsad qo‘yilganini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishda kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter hamda 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur infratuzilma tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya va jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, IT va sun’iy intellekt yo‘nalishida izlanish olib borayotgan iqtidorli yoshlarning kvant texnologiyalari, dronlar va robototexnika sohasidagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Murojaatnomada mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldoshni va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlar boshlanganligi qayd etildi. Ushbu tashabbuslar mamlakatning ilmiy va texnologik salohiyatini oshirish hamda milliy taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari kapital bozorini iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi muhim institutsional mexanizm sifatida baholab, global depozitariylarni milliy fond bozoriga olib kirish zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini tez fursatda qabul qilish lozimligi ta’kidlandi.
Valyuta kursi tebranishlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish maqsadida mahalliy kompaniyalarga ichki bozorda ham xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berilishi, kelgusi yildan boshlab esa korxonalarimiz ilk bor xalqaro bozorlarda o‘z aksiyalarini joylashtirishi mumkinligi bildirildi. Natijada kapital bozorini rivojlantirish orqali tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida moliyaviy resurslar jalb etish imkoniyati yaratiladi.















