23-dekabrda Qozog‘istonning yetakchi venchur fondi MOST Ventures O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi B2B SaaS startapi Bito’ga Bridge raund doirasida investitsiya kiritish bo’yicha bitim imzolandi. Natijada Bito $10 million baholanishga erishdi. Bu baholash mintaqaviy investorlarning O‘zbekiston texnologiya bozoriga va bu yerda rivojlanayotgan loyihalarga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bito nima bilan shug‘ullanadi?
Startup Garage rezidenti Bito — kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun ERP (resurslarni boshqarish), FinTech va AI (sun’iy intellekt) yechimlarini birlashtirgan raqamli ekotizimdir. Platforma quyidagi yo‘nalishlarni yagona tizimga integratsiya qiladi:
- Savdo va moliya hisobi;
- Omborxona boshqaruvi va logistika;
- HR va xodimlar boshqaruvi;
- To‘lovlar va muddatli to‘lov (installment) tizimi;
- Analitika va ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish.
Bridge raundi Bito uchun muhim bosqich bo‘ldi: kompaniya sakkiz oy davomida o‘z bahosini uch baravar oshirdi va raund $10 millionlik baholashda yopildi. Investitsiya miqdori oshkor etilmagan bo‘lsa-da, jalb qilingan kapital kompaniyaning keyingi o‘sish bosqichi va mintaqaviy kengayish strategiyasini amalga oshirishga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.
Startup Garage va qisman «Exit»
Bitim doirasida mintaqaning yetakchi venchur studiyalaridan biri — Startup Garage — Bito’dagi ulushining ma’lum qismini sotdi. Bito aynan Startup Garage’ning akseleratsiya dasturi yordamida mahsulotni shakllantirish, bozorga chiqish (Go-to-market) va dastlabki masshtablash jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Startup Garage asoschisi Muhammad Xalil:
“Ushbu kelishuv Markaziy Osiyo startap bozorining yetuklik darajasiga chiqqanini ko‘rsatadi. Bito qiymatining keskin oshishi — bu jamoaning mehnati va bozorning real ehtiyojlariga mos mahsulot yaratilganining natijasidir.”
Bito asoschisi Uchqun Tulavov MOST Ventures bilan hamkorlik kompaniya strategiyasida muhim o‘rin tutishini aytdi:
“Biz shunchaki mahsulot emas, mintaqadagi kichik va o‘rta biznes uchun yangi raqamli standart yaratmoqdamiz. MOST Ventures’ning qo‘llab-quvvatlovi Bito tanlagan yo‘l to‘g‘ri ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.”
Yangi investitsiyadan so‘ng, Bito O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlaridagi o‘rnini mustahkamlashni va mintaqadagi yetakchi B2B SaaS provayderiga aylanishni maqsad qilgan.
Ulashganingizda Pivot.uz’ni manba sifatida ko‘rsating!

















