Etan Tornton 19 yoshida qurolsozlik olamida o‘zgarish qilish maqsadida dunyoning eng nufuzli oliygohi — MIT (Massachusets Texnologiya Instituti)ni tashlab ketdi. Oddiy do‘konlardan sotib olingan qismlardan yig‘ilgan vodorodli ilk qurilma ish bermagan bo‘lsa-da, u to‘xtamadi. Oradan atigi uch yil o‘tib, uning Mach Industries kompaniyasi bir vaqtning o‘zida oltita yirik harbiy loyihani boshqarmoqda. Shu oyda esa kompaniya 1,8 milliard dollar qiymat bilan yangi investitsiya raundini yakunladi va jalb qilingan jami mablag‘ni 485 million dollarga yetkazdi.
Xo‘sh, Texasning kichik bir shahrida, harbiylar oilasida ulg‘aygan bu yigitcha qanday qilib AQSH mudofaa sanoatining eng umidli vakillaridan biriga aylandi?
Ko‘plab muvaffaqiyatli harbiy startaplar yillar davomida faqat bitta mahsulotni (masalan, muayyan dron turini) mukammallashtirish ortidan ulkan muvaffaqiyatga erishgan. Biroq Mach Industries butunlay boshqacha va ancha xatarli yo‘lni tanladi. Ular bir vaqtning o‘zida oltita murakkab loyiha ustida ishlamoqda:
- Vertikal uchib-qo‘nuvchi zarbdor samolyot;
- Uzoq masofali kemalarga qarshi raketa;
- Ikkita stratosfera razvedka tizimi;
- Dronlarni urib tushiruvchi arzon yer-havo raketalari;
- Yaqinda taqdim etilgan, 450 kg yuk bilan 1600 kilometrdan ortiq masofaga ucha oladigan ulkan logistika samalyotlari.
Tashqi kuzatuvchilar uchun e’tiborning bunday tarqab ketishi shubha uyg‘otishi tabiiy. Ammo Etanning o‘z mantig‘i bor:
«Bu raqib bilan o‘ynalayotgan murakkab shaxmat o‘yini. Xavfsizlikni ta’minlash uchun yuzlab turli xil mahsulotlarni bozorga chiqarish kerak. Agar siz faqat bitta narsaga yopishib olsangiz, o‘yinda allaqachon yutqazgansiz».
Kompaniyaning asosiy rejasi AQSH va Xitoy o‘rtasidagi harbiy-sanoat muvozanatiga asoslangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy kuniga qariyb 1000 ta qanotli raketa ishlab chiqaradi, AQSH esa bor-yo‘g‘i har uch kunda bitta.
Bunday sharoitda zavodlar poygasida g‘alaba qozonishning imkoni yo‘q. Shu sababli Mach Industries Ukraina tajribasiga tayanmoqda: ya’ni miqdor jihatdan ortda bo‘lsa-da, yangi yechimlar hisobiga birinchi bo‘lib harakat qilish ustunligini qo‘lga kiritish.
«Amerika Xitoyga qarshi har doim ustun bo‘lib kelgan yagona jihat bor — bu ijodkorlik va g‘oyani tezda tayyor mahsulotga aylantira olish qobiliyatidir», — deydi yosh tadbirkor.
Torntonning fikricha, hozirgi harbiy sanoatning eng zaif nuqtasi tayyor samalyot yoki dronlar emas, balki ularning ichki qismlaridir. Reaktiv dvigatellar, raketa motorlari va radarlarni o‘z vaqtida yetkazib berish eng katta muammo hisoblanadi.
Mach Industries bu muammoni ichkaridan hal qildi. An’anaviy ravishda to‘rt yil vaqt ketadigan reaktiv dvigatelni ular atigi sakkiz oyda noldan loyihalab, sinovdan o‘tkazishdi. Joriy yilda esa raketa motorlari ishlab chiqaruvchi Exquadrum kompaniyasini 50 million dollarga sotib olishdi. Bugungi kunda startap daromadining yarmi aynan mana shunday butlovchi qismlarni sotishdan kelmoqda.
Bugungi kunda barcha mudofaa startaplari ushbu sohaning mutloq yetakchisi — qiymati $61 milliard dollardan oshgan Anduril kompaniyasi bilan solishtiriladi. Mach Industries ushbu gigant soyasida harakat qilyapti, ammo Etan bozorda hammaga joy yetishini ta’kidlaydi.
Birinchidan, Pentagon hech qachon bozorni bitta monopolga topshirib qo‘ymaydi va har doim 2-3 ta muqobil sotuvchini qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkinchidan, geosiyosiy ehtiyoj shu qadar kattaki, mavjud startaplarning barchasi to‘liq quvvat bilan ishlaganda ham mahsulot yetishmovchiligi saqlanib qolaveradi.
Tez fursatda ulkan muvaffaqiyatga erishgan va atrofida faqat maqtovlar eshitiladigan rahbarlar ko‘pincha real hayotdan uzilib qoladilar. Etan Tornton esa bundan yiroq. U kompaniya ichida xodimlar unga eng og‘ir va noqulay savollarni bera oladigan ochiq yig‘ilishlar o‘tkazadi.
«Boshida bu jarayonni o‘zim tashkil qilgan edim — ishonchli hamkasblarimdan menga keskin savollar berishni so‘rardim. Hozir esa barchasi haqiqiy tanqidga aylandi. Men sahnada bir soat davomida tik turib, xodimlarimning eng og‘ir savollariga javob beraman va bundan zavq olaman», — deydi u.
Mach Industries kompaniyasining joriy yildagi maqsadi — o‘sha oltita loyihadan kamida uchtasini ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga olib chiqish va oyiga yuz minglab dona mahsulot yetkazib beradigan zavodni ishga tushirish. Agar bu 22 yoshli yigitchaning rejalari amalga oshsa, global mudofaa sanoati butunlay yangi va tezkor davrga qadam qo‘yadi.
Manba: techcrunch.com















