O‘zbekistonning retail-tech kompaniyasi OX System xalqaro ekspansiya yo‘lidagi muhim qadamni tashladi. Kompaniya Turkiya va Yaqin Sharqda faoliyat yurituvchi Meta Mode xoldingi bilan strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Kelishuvga ko‘ra, Meta Mode tarkibidagi 2 mingdan ortiq savdo nuqtalari OX System platformasiga o‘tkaziladi. Platforma savdo, ombor, CRM, elektron tijorat va mijozlar bilan ishlash jarayonlarini yagona tizimda boshqarishga xizmat qiladi.
Meta Mode fashion retail, umumiy ovqatlanish, ko‘chmas mulk va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi xalqaro xolding hisoblanadi. Kompaniya Mango, LC Waikiki, Diesel, United Colors of Benetton, Geox va Furla kabi brendlar bilan ishlaydi hamda 2,5 mingdan ortiq xodimga ega.
OX System hozirga qadar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya va boshqa MDH davlatlaridagi 5 mingdan ortiq savdo nuqtalarida joriy etilgan. Meta Mode bilan hamkorlik esa kompaniyaning Turkiya va Yaqin Sharq bozorlariga kirishi uchun eshik ochmoqda.
Mazkur kelishuv OX System uchun 2026-yildagi navbatdagi xalqaro kengayish bosqichi bo‘ldi. Joriy yil boshida kompaniya United Ventures va IT Park Ventures fondlaridan $900 ming investitsiya jalb qilgan va xalqaro bozorga chiqishni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilagandi.













