O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyun oylarida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YAIM) 27,95 mln so‘mni tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan real hisobda 6,6 foizga oshgan.
Bu haqda O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Mamlakatning umumiy YAIMi esa yanvar–iyun oylarida 1 072,7 trln so‘mga yetib, real hisobda 8,5 foizga o‘sdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida aholi jon boshiga YAIM quyidagicha bo‘lgan:
- 2022-yil: 12,46 mln so‘m
- 2023-yil: 14,58 mln so‘m
- 2024-yil: 18,13 mln so‘m
- 2025-yil: 23,89 mln so‘m
- 2026-yil: 27,95 mln so‘m.
Shunday qilib, 2022–2026-yillar oralig‘ida ushbu ko‘rsatkich nominal qiymatda 2,2 baravardan ko‘proqqa oshgan. Biroq bu raqamni aholining o‘rtacha maoshi yoki daromadi sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas. YAIM jon boshiga mamlakat iqtisodiyotida yaratilgan mahsulot va xizmatlar qiymatini aholi soniga nisbatan ifodalaydi.
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyotida eng katta ulushni xizmatlar sohasi tashkil etdi — 521,6 trln so‘m yoki yalpi qo‘shilgan qiymatning 50,8 foizi.
Sanoatning ulushi 26,5 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliginiki 15 foiz, qurilishniki esa 7,7 foizni tashkil qilgan. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlarining iqtisodiyotdagi ulushi 2,9 foizga yetgan.

















