O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan qishloq xo‘jaligini texnologik modernizatsiya qilish, agrar ta’limni rivojlantirish va oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreyadagi uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Tomonlar Korea–Uzbekistan AgriTech University tashkil etish masalasini muhokama qildi. Universitetda ta’lim “3+1” modeli asosida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Talabalar smart agriculture, agribusiness management, biologiya va oziq-ovqat texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda tahsil olishi mumkin. Tomonlar universitetning texnik infratuzilmasini yaratish va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashni ham muhokama qilgan.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — “aqlli ferma” tashkil etish. Loyiha doirasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va O‘zbekistonlik mutaxassislarning Janubiy Koreyada malaka oshirish imkoniyatlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Koreyada yetishtiriladigan sabzavot va poliz ekinlarining ayrim navlarini O‘zbekistondagi issiqxonalarda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bu texnologiyalar va yangi navlarni mahalliy sharoitga moslashtirish imkonini berishi mumkin.
Hamkorlik faqat qishloq xo‘jaligi bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya kompaniyalari kimchi, dengiz o‘tidan tayyorlanadigan chipslar kabi yangi oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.
Bundan tashqari, Jeju mandarinlarini O‘zbekistonga import qilish va ikki davlat o‘rtasidagi oziq-ovqat eksport-importini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Koreyaning Dongwon F&B kompaniyasi mahsulotlari hozirning o‘zida O‘zbekistonda, jumladan Korzinka savdo tarmog‘ida sotilmoqda.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish va smart farming yechimlarini kengaytirishga harakat qilmoqda. Janubiy Koreya bilan hamkorlik esa nafaqat texnologiyalarni olib kirish, balki ular bilan ishlay oladigan mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga ham qaratilgan.
Koreyaning smart-farm texnologiyalari O‘zbekistonda avval ham sinovdan o‘tkazilgan. Masalan, 2026-yil aprelida Yuqori Chirchiq tumanida koreys texnologiyasi asosida 1,5 gektarlik aqlli issiqxona ishga tushirilgani haqida xabar berilgan.
Yangi tashabbuslar esa bu tajribani ta’lim, ishlab chiqarish va texnologiyalar transferi bilan birlashtirishga qaratilgan. Koreya kompaniyalari vakillari avgust oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi muzokaralarni o‘tkazishi kutilmoqda.

















