Microsoft Azure Container Apps Express hamda uning asosida ishlaydigan Container Apps Sandboxes xizmatlarini umumiy foydalanish (GA) rejimiga o‘tkazdi. Yangi imkoniyatlar, ayniqsa, AI agentlar va ular bajaradigan kod uchun tezkor va izolyatsiyalangan muhit yaratishga qaratilgan.
Azure Container Apps Express dasturchilarga konteynerlashtirilgan ilovalarni Azure’ga an’anaviy infratuzilma sozlamalarisiz tez joylashtirish imkonini beradi. Platforma hisoblash resurslari, tarmoq, masshtablash va boshqa asosiy sozlamalarning katta qismini avtomatik boshqaradi. Microsoft uni developer-first va agent-first platforma sifatida ta’riflaydi.
AI agentlar uchun alohida muhit
Yangilanishning muhim qismi — Container Apps Sandboxes. Bu muhitlar AI agentlar yaratgan yoki ishga tushirgan kodni alohida, izolyatsiyalangan muhitda bajarishga imkon beradi.
Har bir sandbox alohida xavfsizlik chegarasida ishlaydi. Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, sandboxlar oldindan tayyorlangan resurslar asosida bir soniyadan kam vaqtda ishga tushishi mumkin. Ular minglab parallel sandboxlargacha kengaytirilishi ham mumkin.
Bu AI agentlar uchun muhim, chunki agentlar ba’zan kod yozishi, uni ishga tushirishi yoki tashqi ma’lumotlar bilan ishlashi kerak bo‘ladi. Bunday jarayonlarni asosiy tizimdan ajratilgan muhitda bajarish xavfsizlikni oshirishga yordam beradi.
Ishlatilmaganda resurslar nolga tushadi
Sandboxes’ning yana bir muhim xususiyati — scale-to-zero. Sandbox to‘xtatilgan yoki ishlatilmayotgan paytda CPU va xotira uchun to‘lov olinmaydi. Kerak bo‘lganda muhit qayta ishga tushiriladi. Microsoft shuningdek, sandbox holatini, jumladan xotira va disk ma’lumotlarini snapshot orqali saqlab, keyinchalik uni sub-second tezlikda tiklash imkonini beradi.
Azure Container Apps Express ham ishlatilmayotgan ilovalarni nol nusxagacha tushira oladi va talab paydo bo‘lganda avtomatik qayta ishga tushiradi. Bu o‘zgaruvchan yoki qisqa muddatli yuklamalar bilan ishlaydigan AI servislar uchun infratuzilma xarajatlarini moslashtirishga yordam beradi.
Express nimani o‘zgartiradi?
Express modeli dasturchidan alohida Container Apps muhitini oldindan sozlashni talab qilmaydi. Ilova konteyneri, hudud va kerakli konfiguratsiya berilgach, platforma zarur resurslarni o‘zi ta’minlaydi.
Biroq Express standart Azure Container Apps’ning barcha imkoniyatlarini bermaydi. Masalan, GPU workload’lari, custom domain, Dapr, zone redundancy va ayrim ilg‘or tarmoq sozlamalari Express’da mavjud emas. Bunday ehtiyojlar bo‘lsa, Microsoft standart Container Apps muhitidan foydalanishni tavsiya qiladi.
Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, Express ommaviy preview davrida minglab ilovalarni qabul qilgan va GA versiyasi 40 dan ortiq Azure regionlarida mavjud.

















