Generativ sun’iy intellekt ommalasha boshlaganidan beri eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri — AI dasturchilar, call-markaz operatorlari va Business Process Outsourcing (BPO) sohasidagi millionlab ish o‘rinlarini egallashi haqidagi prognozlar bo‘ldi. Ayniqsa Hindiston va Filippin kabi dunyoning yirik outsourcing markazlari eng katta zarbani qabul qilishi aytildi. Ammo iqtisodchi Richard Baldwin keltirgan yangi ma’lumotlar bu ssenariy hozircha amalga oshmaganini ko‘rsatmoqda.
Baldwinning LinkedIn sahifasida e’lon qilingan “The Jobs AI Was Supposed to Eliminate Are Booming” nomli tahliliga ko‘ra, agar AI haqiqatan ham outsourcing bozorini qisqartirayotganida, bu eng avvalo xalqaro xizmatlar eksportida aks etishi kerak edi. Chunki AQSh yoki Yevropadagi kompaniya Hindistagi IT yoki BPO kompaniyasidan xizmat sotib olsa, bu Hindiston xizmatlar eksporti sifatida qayd etiladi. Demak, AI sabab bunday xizmatlarga ehtiyoj kamayganida, statistika ham pasayishni ko‘rsatishi kerak edi.
Ammo WTO ma’lumotlari buning aksini ko‘rsatmoqda. Hindistonning «Other Business Services» — ya’ni IT xizmatlari, konsalting, accounting, texnik va professional xizmatlar eksporti 2022-yildagi 121 milliard dollardan 2025-yilda 185 milliard dollarga yetgan. Qizig‘i shundaki, ChatGPT paydo bo‘lganidan keyingi uch yil davomida o‘sish sur’ati avvalgi davrga qaraganda ham tezlashgan.
Xuddi shunday tendensiya Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, AQSh va boshqa yirik xizmat eksport qiluvchi davlatlarda ham kuzatilmoqda. Richard Baldwin tahlil qilgan to‘qqiz mamlakat 2025-yilda jami 1,3 trillion dollarlik professional va biznes xizmatlarini eksport qilgan. Muallifning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar AI sabab inqirozga uchrayotgan sanoatga emas, aksincha o‘sishda davom etayotgan bozorga xos.
Shu bilan birga, AI haqidagi xavotirlar mutlaqo asossiz ham emas. 2026-yil boshida Hindiston IT kompaniyalari generativ AI sabab investorlarning xavotiri ortidan qariyb 50 milliard dollarlik bozor qiymatini yo‘qotdi. TCS tarixidagi eng yirik qisqartirishni e’lon qildi, Oracle esa Hindistagi minglab xodimlarini ishdan bo‘shatdi. Venchur investor Vinod Khosla hatto BPO va IT xizmatlari besh yil ichida deyarli yo‘qolishini aytgan edi.
Ammo Baldwinning fikricha, investorlar kayfiyati va real iqtisodiyot har doim ham bir xil bo‘lmaydi. Statistik ma’lumotlar AI hali outsourcing xizmatlariga bo‘lgan global talabni kamaytirmaganini ko‘rsatmoqda. Buning bir necha iqtisodiy sabablari mavjud. Eng avvalo, AI hozircha odamni to‘liq almashtirishdan ko‘ra uning unumdorligini oshirmoqda. Masalan, Hindistagi accountant yoki dasturchi AI yordamida bir xil vaqt ichida ko‘proq ish bajara olsa, u xizmatni yanada arzonroq narxda taklif qila oladi. Natijada xorijiy kompaniyalar bu xizmatlarni sotib olishdan voz kechmaydi, aksincha ko‘proq buyurtma beradi.
Yana bir muhim omil shundaki, xizmat narxi arzonlashgani sari ularga bo‘lgan talab ham ortadi. Oldin qimmatligi sabab amalga oshirilmagan kod auditi, hujjatlarni tahlil qilish yoki mijozlarni qo‘llab-quvvatlash kabi xizmatlar AI tufayli arzonlashmoqda va kompaniyalar ulardan kengroq foydalana boshlayapti.
Baldwin yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: texnologiyalar juda tez rivojlanayotgan bo‘lsa-da, yirik kompaniyalar biznes jarayonlarini bir necha oy ichida o‘zgartirmaydi. Yangi texnologiyaning real iqtisodiyotga ta’siri ko‘pincha yillar davomida shakllanadi. Shu sababli ChatGPT paydo bo‘lganidan beri o‘tgan uch yil hali yakuniy xulosa chiqarish uchun yetarli vaqt emas.
Shunga qaramay, muallif muallifning fikricha, xizmatlar eksportining o‘sishi ish o‘rinlari ham o‘sayotganini anglatmaydi. Masalan, TCS minglab xodimlarini qisqartirgan bo‘lsa-da, kompaniya eksport tushumlarini oshirishda davom etmoqda. Bu AI yordamida har bir xodim ko‘proq qiymat yaratayotganini anglatishi mumkin.
AI ish bozorini o‘zgartirayotgani shubhasiz. Biroq bugungi statistikalar generativ sun’iy intellekt outsourcing sanoatini «yo‘q qilmoqda» degan da’volarni tasdiqlamayapti. Aksincha, dunyoning yirik IT va BPO markazlari eksport hajmini oshirishda davom etmoqda. AI’ni ish o‘rinlariga tahdid sifatida emas, balki xizmatlar eksportini kengaytirish va mahalliy kompaniyalarning global raqobatbardoshligini oshirish vositasi sifatida ko‘rish imkoniyati mavjud.















