Kompaniya bosh direktori Tim Cook so‘nggi moliyaviy hisobot taqdimotida AI xizmatlarining yuqori hisoblash xarajatlari sababli iCloud+ uchun yangi, qimmatroq tariflar paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Tim Kukning ta’kidlashicha, kompaniya hali yakuniy rejani ishlab chiqmagan. Biroq Apple Siri AI’dan juda faol foydalanadigan mijozlar uchun iCloud+ orqali qo‘shimcha AI limitlarini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu esa oddiy foydalanuvchilar uchun asosiy funksiyalar saqlanib qolishi, intensiv AI foydalanish esa pullik tariflarga o‘tishini anglatadi.
Yangi Siri AI bu yil kuzda keng ommaga taqdim etilishi rejalashtirilgan. U ekrandagi ma’lumotlarni tushunish, ilovalarni boshqarish, shaxsiy kontekst asosida javob berish va ChatGPT uslubidagi suhbat imkoniyatlarini taklif etadi. Bunday funksiyalar esa Apple’ning Private Cloud Compute infratuzilmasida ishlagani sababli katta server xarajatlarini talab qiladi.
Bu Apple uchun AI’dan daromad olish yo‘lidagi ilk jiddiy qadam bo‘lishi mumkin. Hozirda kompaniyaning xizmatlar segmenti (iCloud+, Apple TV+, Apple One va boshqalar) rekord daromad keltirmoqda va AI imkoniyatlarini ham aynan shu ekotizim orqali monetizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Hozircha Apple Siri AI uchun alohida obuna narxini e’lon qilmagan. Tim Kukning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya avval foydalanuvchilarning AI xizmatlaridan foydalanish darajasini kuzatadi, shundan keyingina yangi iCloud+ tariflari bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.













