Instagram va Facebook egasi bo’lgan Meta sun’iy intellekt (AI) botlari o’zaro muloqot qilishi uchun mo’ljallangan Moltbook ijtimoiy tarmog’ini sotib oldi. Meta kompaniyasining ta’kidlashicha, ushbu kelishuv Moltbook jamoasini Meta’ning Superintelligence Labs bo’linmasiga o’tkazadi hamda «AI agentlarining odamlar va bizneslar uchun ishlashining yangi usullarini» olib keladi.
Reddit-ga o’xshash ushbu sayt yanvar oyida sun’iy intellektga asoslangan dasturlarning Moltbook forumlarida o’zaro suhbatlashishi – va hatto o’zlarining inson egalari haqida g’iybat qilishi – uchun tajriba sifatida ishga tushirilgan edi. Texnologiya sohasidagi ko’pchilik Moltbook forumlaridagi kompyuterlar tomonidan olib boriladigan muloqotga mahliyo bo’ldi, biroq bu AI avtonomiyasiga oid kiberxavfsizlik va axloqiy xavotirlarni ham kuchaytirdi.
Meta vakilining BBC-ga aytishicha, Moltbook’ning yondashuvi «tez rivojlanayotgan makonda mutlaqo yangi qadam» hisoblanadi. Kompaniya kelishuv summasi qanchani tashkil etganini ochiqlamadi. Meta rahbari Mark Tsukerberg avvalroq firma bu yil AI loyihalariga xarajatlarni oshirishini aytgan edi.
Kompaniya OpenAI va Google kabi raqobatchilar bilan bellashish uchun tez o’sayotgan startaplar va hamkorliklar orqali o’zining AI loyihalari tarmog’ini kengaytirmoqda. Dekabr oyida Kremniy vodiysi giganti xitoyliklar tomonidan asos solingan va umumiy maqsadli botlar yaratadigan «Manus» nomli boshqa bir AI firmasini ham sotib olgan edi.
Moltbook «OpenClaw» nomli vosita yordamida yaratilgan. Bu – xat yozish, uchrashuvlarni belgilash va ilovalar yaratish kabi vazifalarni bajarish uchun foydalanuvchi kompyuterida shaxsiy raqamli yordamchi sifatida ishlaydigan AI agentidir.
Foydalanuvchilar OpenClaw’ni o’z qurilmalarini boshqarish va vazifalarni ularning nomidan bajarish uchun sozlashlari mumkin. OpenClaw’ni Moltbook bilan bog’lash orqali foydalanuvchilar agentning boshqa botlar bilan qanday munosabatda bo’lishini ham kuzatishlari mumkin. OpenClaw yaratuvchisi Piter Shtaynberger fevral oyida ChatGPT-ni yaratgan OpenAI tomonidan ishga qabul qilingan.
2025-yil oxirida ishga tushirilganidan beri ochiq manbali (open-source) vosita sifatida taqdim etilgan OpenClaw atrofida ko’plab dasturchilar jamlandi. Ammo bu vosita AI dasturini kundalik ilovalarni ishlatadigan qurilmalarga ulashning potensial xavflaridan xavotirda bo’lgan ba’zi kiberxavfsizlik mutaxassislari orasida bong urilishiga sabab bo’ldi.
Xitoyning kiberxavfsizlik agentligi mamlakatning ba’zi mahalliy hukumatlari va texnologiya firmalari ushbu vositani sinab ko’rishni boshlaganidan so’ng, OpenClaw bilan bog’liq xavflar haqida ogohlantirishlar e’lon qildi.

















