OpenAI 7-avgust kuni o‘zining navbatdagi flagman sun’iy intellekt modeli — GPT-5ni ishga tushirdi. Bu kompaniya tarixidagi ilk “yagona” AI modeli bo‘lib, o-seriyadagi mantiqiy fikrlash imkoniyatlarini GPT-seriyasining tezkor javob berish qobiliyati bilan birlashtiradi. Yangi avlod modelining taqdimoti ChatGPT’ni oddiy chatbotdan foydalanuvchi nomidan murakkab vazifalarni bajara oladigan AI agentiga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.
GPT-4 keng doiradagi savollarga aqlli javob bera olgan bo‘lsa, GPT-5 foydalanuvchilar uchun dastur yaratish, taqvimni boshqarish yoki ilmiy izlanishlar bo‘yicha ma’lumotnoma tayyorlash kabi amaliy vazifalarni ham bajaradi. Model real vaqt rejimidagi “router” funksiyasi orqali foydalanuvchiga eng yaxshi javobni taqdim etish uchun tezkor yoki chuqurroq “o‘ylab” ishlashni o‘zi tanlaydi.
OpenAI bosh direktori Sem Altman GPT-5’ni “dunyodagi eng yaxshi model” deb atadi va uni “insonning aksariyat iqtisodiy jihatdan qimmatli ishlarini bajara oladigan” AI — ya’ni AGI tomon katta qadam deb ta’kidladi.
Asosiy yangiliklar
- Bepul foydalanuvchilar uchun ham ochiq: GPT-5 endi ChatGPT’dagi asosiy model sifatida bepul foydalanuvchilarga ham taqdim etiladi.
- Raqobatbardosh natijalar: Kod yozishda GPT-5 SWE-bench Verified testida 74,9% natija ko‘rsatib, Claude Opus 4.1 (74,5%) va Gemini 2.5 Pro (59,6%)dan ustun bo‘ldi.
- Fan sohasidagi ustunliklar: GPQA Diamond testida 89,4% natija bilan raqiblaridan yuqori ko‘rsatkich qayd etdi.
- Sog‘liqni saqlash bo‘yicha aniqlik: HealthBench Hard Hallucinations testida GPT-5’ning “hallusinatsiya” darajasi atigi 1,6% bo‘lib, avvalgi GPT-4o (12,9%)dan ancha past.
- Ijodiy ishlarda yaxshilanish: Turley’ning so‘zlariga ko‘ra, model “tabiiyroq” javob berib, ijodiy vazifalarda “yaxshi did” ko‘rsatadi.
Xavfsizlik va foydalanuvchi tajribasi
GPT-5 avvalgi modellarga nisbatan ancha kam yolg‘on ma’lumot beradi (4,8% xato darajasi), zararli so‘rovlarni aniqlashda yaxshiroq va foydasiz rad etishlar sonini kamaytiradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
- ChatGPT’da yangi shaxsiylashtirish opsiyalari: Cynic, Robot, Listener va Nerd.
- Plus obunachilariga yuqoriroq limitlar, Pro foydalanuvchilarga esa yanada kuchli GPT-5 Pro versiyasi.
- Dasturchilar uchun API’da uch xil variant: gpt-5, gpt-5-mini va gpt-5-nano, shuningdek, javob uzunligini boshqarish funksiyasi.
GPT-5 taqdimoti OpenAI uchun eng muhim relizlardan biri bo‘lib, sun’iy intellekt rivojlanishida yangi mezon belgilashi mumkin. Endi soha ekspertlari va foydalanuvchilar bu model real amaliyotda raqobatchilaridan qay darajada ustunligini kuzatadi.
















