O‘zbekistonda bir qarashda oddiy tuyulgan hujjat tayyorlash ishlari — amalda katta muammoga aylanishi mumkin. Masalan, korxonangizning ta’sis hujjatlarini o‘zgartirish kerakmi? Sizdan birdaniga bayonnoma, yangi ustav, dalolatnoma va boshqa ko‘plab rasmiy hujjatlar talab qilinadi. Davlat xizmatlari bunday hujjatlarni tayyorlab bermaydi, yuristga murojaat qilsangiz esa kamida 500 ming so‘mdan boshlanadigan narxlar kutmoqda.
Aynan mana shu byurokratik bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida tashkil etilgan 1doc.uz — sun’iy intellektga asoslangan, hujjat yaratish, tahrirlash, imzolash va arxivlash funksiyalarini birlashtirgan zamonaviy o‘zbek startapi.
Qog‘ozbozlikdan sun’iy intellektga
Startap asoschisi Davronbek Sanakulov o‘z faoliyati davomida yuzlab tadbirkorlar bilan ishlagan. U Olmaliqdagi Savdo-sanoat palatasi rahbari sifatida, keyinchalik esa hukumat tizimidagi tajribasi orqali kichik biznes vakillarining eng og‘riqli nuqtalarini chuqur tushungan.

“Kichik tadbirkorlar o‘zi sotuvchi, o‘zi yurist, o‘zi buxgalter. Lekin hujjat tayyorlash masalasida ular ko‘pincha ojiz qolishadi. Shunda biz ularga qurol berishga qaror qildik,” — deydi Sanakulov.
Bu tasodifiy kuzatuv emas, statistik raqamlar ham buni tasdiqlaydi: O‘zbekistonda 37 million aholiga atigi 3 912 ta litsenziyaga ega yurist to‘g‘ri keladi.
1doc.uz bu bo‘shliqni mustaqil ish yurituvchilar, kichik biznes egalari va oddiy ofis xodimlari uchun arzon, tezkor va qulay raqamli yechim orqali to‘ldirmoqda.
Foydalanuvchilarning aniq portreti
Startap jamoasi platforma testlaridan so‘ng, 200 nafarga yaqin faol foydalanuvchi tahlilini amalga oshirdi. Natijalar 1doc.uz’ning asl auditoriyasi ancha kengroq ekanini ko‘rsatdi:
- 37% — IT jamoalaridagi loyiha boshqaruvchilari va texnik rahbarlar
- 15% — marketing, SMM va kopirayterlar
- 40% ga yaqin — o‘quv markazlari, chakana savdo va yakka tartibdagi tadbirkorlar
- Faqat 8% — yuristlar
“Bu bizga mijozning to‘liq yuzini ko‘rsatdi. Biz hujjat yaratish faqat yuristlar emas, barcha mutaxassislar uchun zarurligini yana bir bor tushundik,” — deydi Sanakulov.
1doc.uz nimalarni taklif etadi?
Platforma foydalanuvchilarga quyidagi asosiy imkoniyatlarni taqdim etadi:
- 700 dan ortiq hujjat shablonlari orqali tezkor hujjat tayyorlash (bayonnomadan tortib, shartnomagacha)
- Sun’iy intellekt yordamida avtomatik tahrir va prompt yozish
- PDF va Word hujjatlarni real vaqt rejimida tahrirlash
- Masofaviy imzolash: E-imzo, OTP va PDF imzolari orqali
- Smart arxivlashtirish: fayllarni xavfsiz saqlash va izlash
- O‘zbek tilida 97% aniqlikdagi OCR texnologiyasi
- QR-kodli murojaatlarni qabul qilish tizimi

Barcha hujjatlar O‘zbekiston serverlarida saqlanadi, bu esa milliy qonunchilikka to‘liq mos keladi.
Didox bilan farqi nimada?
Bozorda o‘xshash xizmatlar ko‘p, ulardan eng mashhurlaridan biri — Didox.uz. Bu platforma 350 mingdan ortiq tadbirkorlar tomonidan ishlatiladi va fiskal hisob-fakturalarni rasmiylashtirish, B2B hujjat almashinuvi hamda davlat sektori bilan integratsiya uchun mo‘ljallangan.
Ammo Didox tayyor hujjatlar bilan ishlaydi, ularni yaratmaydi.
1doc.uz esa hujjat yaratish jarayonining o‘zidan boshlaydi: foydalanuvchi matn yozadi, grafik qo‘shadi, hujjatni tahrirlaydi, jamoasi bilan birga ishlaydi (Google Docs’dagi kabi) va keyin istasa Didox orqali ham imzolash uchun yuboradi.
“Biz 1doc.uz’ni har bir ofis, har bir yakka tartibdagi tadbirkor uchun yangi standartga aylantirmoqchimiz — bu bir platformada yaratish, ishlov berish, imzolash va saqlash imkonini beradi,” — deydi jamoa.
Stanforddan e’tirof, davlatdan hamkorlik
1doc.uz nafaqat mahalliy bozor, balki xalqaro maydonda ham o‘zini namoyon qilmoqda. U Plug and Play akseleratorining 4-bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi va Stanford Law School tomonidan yuritiladigan CodeX Techindex ro‘yxatiga Markaziy Osiyodan kiritilgan ilk startap bo‘ldi.
Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Toshkent viloyati Yoshlar texnoparki Davlat muassasasi bilan ham tijoriy hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Rejalar: AQSH, MENA va ASEAN
Kelgusi 2–3 yilda 1doc.uz o‘z mahsulotini xalqaro bozorga olib chiqmoqchi. AQSH — eng rivojlangan legaltech bozori, MENA va ASEAN esa jadal o‘sayotgan, narxga sezgir va tezkor echimlarga ochiq mintaqalar sifatida qiziqtirayotgan yo‘nalishlar.
“ASEAN bozori dinamik va byurokratiyasi og‘ir emas. Biz aynan shunday hududlarda tez o‘sishimiz mumkin,” — deydi Sanakulov.
Tanlov erkinlikni yaratadi
1doc.uz — bu oddiy texnologik mahsulot emas. Bu — har bir insonning huquqiy va ma’muriy ishlarini o‘zi mustaqil hal qilishi uchun vosita. “Tanlov — bu erkinlikdir. Erkinlik esa jamiyatning rivojlanishidir,” — deydi startap asoschisi.
Tayyorladi: Gulnoza Mixailovna

















