Hujjat derivativlar, sukuk, sekyuritizatsiya qilingan obligatsiyalar va boshqa moliyaviy vositalar uchun huquqiy asos yaratishni, shuningdek, investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishni nazarda tutadi.
5-oktabr kuni Toshkentda “Kapital bozori to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamkorligida tashkil etildi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ma’qullangan va hozir ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Hujjat 16 bob va 123 moddadan iborat. Uni ishlab chiqishda EBRD, IFC, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, UNDP, IOSCO va AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) tajribasi va tavsiyalari hisobga olingan.
Loyihadagi asosiy o‘zgarishlardan biri kapital bozorida foydalanish mumkin bo‘lgan instrumentlar doirasini kengaytirishdir. Hujjatda opsion, svop, fyuchers, forvard va narxlar farqi shartnomalari kabi derivativlar uchun huquqiy asos yaratish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, qoplangan va sekyuritizatsiya qilingan obligatsiyalar, barqaror rivojlanish instrumentlari hamda xalqaro moliya tashkilotlari obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatlari nazarda tutilgan.
Loyihada islomiy moliya uchun ham alohida mexanizmlar belgilanmoqda. Jumladan, sukuk chiqarishning huquqiy asoslari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu instrumentlarning qonunchilikka kiritilishi kompaniyalar va moliya institutlari uchun mablag‘ jalb qilishning yangi usullarini kengaytirishi mumkin.
Qonun loyihasi investorlarning huquqlarini himoya qilishga ham ko‘proq e’tibor qaratadi. Sukuk va obligatsiya egalari vakili institutini joriy etish taklif qilinmoqda. Bunday vakil emitentning majburiyatlarini bajarishini kuzatishi va qimmatli qog‘oz egalari manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etishi mumkin.
Jismoniy shaxs investorlarni esa bilim va tajribasiga qarab malakali va malakasiz investorlarga ajratish rejalashtirilmoqda. Bu investorning tayyorgarlik darajasiga qarab turli moliyaviy instrumentlardan foydalanishini tartibga solishga xizmat qiladi.
Loyihada bozor infratuzilmasi uchun ham yangi qoidalar bor. Xususan, markaziy kontragent institutini joriy etish taklif qilinmoqda. U kapital bozori bitimlari bo‘yicha kliringni amalga oshirib, ularning bajarilishini ta’minlaydi.
Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlari ham kengaytiriladi. U orqali dividend va foizlarni to‘lash, obligatsiyalarni so‘ndirish hamda qimmatli qog‘ozlarni majburiy qayta sotib olish bo‘yicha hisob-kitoblarni markazlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Kastodianlik faoliyatini esa alohida litsenziyalanadigan professional faoliyat turi sifatida belgilash taklif etilmoqda. Reyting agentliklari, boshqaruv kompaniyalari va investitsiya fondlari faoliyatini tartibga solish ham kuchaytiriladi.
Yangi qonun loyihasi O‘zbekiston kapital bozorini xalqaro moliya tizimiga yaqinlashtirishni ham ko‘zda tutadi. Unda mahalliy emitentlarning xorijiy bozorlarga chiqish mexanizmlarini takomillashtirish, norezidentlarning O‘zbekistonda qimmatli qog‘oz joylashtirishi hamda xalqaro moliya institutlarining mamlakat ichida obligatsiyalar chiqarishi uchun huquqiy asos yaratish taklif etilgan.
Shuningdek, IPO, global depozitar tilxatlar (GDR), sekyuritizatsiya va milliy valyutadagi xalqaro moliya institutlari obligatsiyalarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bu yo‘nalish O‘zbekiston kapital bozorini faqat ichki investorlar uchun emas, xalqaro kapital uchun ham ochiqroq qilishga qaratilgan.
Yangi qonun loyihasi muhokamasi O‘zbekistonda kapital bozori xalqaro investorlar uchun kengayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, 2026-yil may oyida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) London fond birjasida IPO o‘tkazib, $690 mln jalb qilgan. IPOga investorlarning umumiy buyurtmalari $2,8 mlrddan oshgan.
Yangi qonun loyihasi esa bunday jarayonlarni kengaytirish uchun mahalliy kapital bozori infratuzilmasi va investorlarni himoya qilish tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishni maqsad qilmoqda.
Hozircha bu — qonun loyihasi. Hujjat birinchi o‘qishdan o‘tgan va ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Shu sababli undagi takliflar hali yakuniy qonunchilik talabi hisoblanmaydi.

















